Prezidentimizning joriy yil 16 avgustdagi «Mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, har bir mahallada Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘armalar mablag‘lari quyidagilardan shakllantiriladi.

Jamg‘arma mahalladagi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ob’ektlarini sotishdan tushadigan, mahallaning mol-mulkini ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Bundan tashqari, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladigan, mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy byudjetdan ajratiladigan, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan moddiy ta’minoti shakllantiriladi.

Mablag‘lar mahalladagi ichki yo‘llar, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlari, ichimlik va oqova suv tizimini ta’mirlash va tiklash uchun yo‘naltiriladi. 2023 yil 1 yanvargacha har bir mahallaning aniq chegaralari belgilanadi.

O‘zA