O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan muhtasham adiblar xiyobonida Respublika yosh ijodkorlar seminari oldidan adabiy kecha o‘tkazildi.

Bir guruh ziyolilar, shoir-yozuvchilar, seminar ishtirokchilari dastlab Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yishdi. Mushoira uyushtirildi.

Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev ochib berdi. Adabiy kechada adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi adabiy jarayon haqida so‘z yuritdi. Mamlakatimizda ijodkorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi. Seminar ishtirokchilariga omad tiladi.

Tadbir ishtirokchilari Hamid Olimjon haykali poyiga yig‘ildi. Bu yerda yig‘ilishdan ham hikmat bor. Joriy yil seminarda ishtirok etayotgan yosh qalamkashlarning ijod namunalari «Eng gullagan yoshlik chog‘imda» so‘zi ostida chop etilgan. Tadbir davomida to‘plamning taqdimoti o‘tkazildi va seminar ishtirokchilariga tarqatildi.

Chin ma’noda kitob ijodkorlar uchun sovg‘a bo‘ldi. Kitob chop etish jarayoni mualliflarga ma’lum qilinmagan. To‘plamga kiritilgan asarlar ishtirokchilar seminar uchun topshirgan ijodiy ishlaridan saralanib olingan.

Kunning ikkinchi qismida “ Do‘rmon ijod uyi» da seminarning amaliy mashg‘ulotlar jarayonlariga start beriladi. Sho‘ba mashg‘ulotlariga ishtirokchilari badiiy adabiyotning nazm, nasr, dramaturgiya, badiiy publitsistika, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti, adabiy tanqid yo‘nalishlari bo‘yicha sho‘balarga bo‘lingan holda mahorat darslari olib boriladi.

Ishtirokchilarning asarlarini saralash va ular uchun mahorat saboqlarini o‘tkazish maqsadida taniqli ijodkor ustozlar, adabiyotshunos olimlardan iborat ishchi guruh tashkil qilingan.

Bu yilgi seminarda respublika bo‘yicha 85 nafar yosh ijodkor qatnashishi ko‘zda tutilgan. Bulardan 7 nafari Qoraqalpog‘iston respublikasidan, 5 nafari esa mamlakatimizda yashab, rus tilida ijod qilayotgan yosh ijodkorlardir. Adabiyotning turli janrlaridagi ijodi bilan ko‘zga tashlanayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash Yozuvchilar uyushmasining bosh maqsadlaridan biridir.

«Do‘rmon» ijod uyida bo‘lib o‘tadigan seminarda ham yosh ijodkorlarga zabardast adiblarimiz mahorat saboqlarini olib borishadi. Jumladan, Ibrohim G‘ofurov, Erkin A’zam, Xurshid Davron, Ahmadjon Meliboyev, Xurshid Do‘stmuhammad, Mamatqul Hazratqulov, O‘tkir Rahmat, Isajon Sulton, Zulfiya Mo‘minova, Munavvara Usmonova, Risolat Haydarova, Eshqobil Shukur va boshqalar. Shuningdek, «Jahon adabiyoti», «Sharq yulduzi» va «Zvezda Vostoka», «Yoshlik» jurnali hamda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi jamoasi bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi.

Bu yilgi seminarda rus tilida ijod qilayotgan 5 nafar yoshlar uchun alohida mahorat darsi hamda o‘zaro tarjima ishlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan suhbatlar tashkil etiladi. Mahorat darslarida yoshlar uyushma a’zolari Nikolay Ilin va Artyom Goroxovdan ijod sirlarini o‘rganishadi.

3 kun davomida yosh ijodkorlardan 20 nafari saralab olinadi va shu yilning oxirigacha ijodiy ishlari nashrga tayyorlanadi. 2023 yilning boshlariga qadar nashriyotga topshirilishi borasida ishlar olib boriladi.

D. Mamatova, O‘zA