O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni Podshohligiga Davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev SAP atrof – muhit, suv va qishloq xo‘jaligi vaziri Abdulrahmon al-Fadli bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlarning diqqat markazida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishning joriy masalalari va istiqbollari bo‘ldi. O‘zbekiston tomoni Saudiya Arabistonilik hamkorlarining tajribasi jalb qilinishi rejalashtirilgan aniq yo‘nalishlarni taklif qildi.

Xususan, agrar sohada innovatsiyalarni joriy etish va ta’lim tizimini takomillashtirish loyihalari haqida so‘z bordi. Soha doirasidagi barcha ilmiy-tadqiqot institutlarining o‘zaro hamkorligini faollashtirish maqsadida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi (AKIS) va Saudiya Arabistonining Barqaror qishloq xo‘jaligi Milliy ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar Saudiya Arabistoni kompaniyalarini O‘zbekiston bilan qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga kelishib oldilar. Bu shubhasiz O‘zbekistonda yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va keyinchalik Saudiya Arabistoniga eksport qilish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi.

O‘zA