Majburiy ijro byurosiga yuklatilgan vazifalar doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha samarali ishlar bajarib kelinmoqda.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ijro samaradorligini oshirish borasida bir qator ishlar qilingan. Jumladan, joriy yil yetti oyi davomida jami 16,3 trln. so‘m undirildi. Shu jumladan davlat foydasiga 6,1 trln. so‘m undirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan umumiy undiruv 2,7 trln. so‘mga, davlatga undiruv 453 mlrd so‘mga oshdi.

Tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga 5 trln. so‘m, banklarga 4,2 trln. so‘m va fuqarolarga 1 trln. so‘m undirilib, undiruv o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 2,2 trln. so‘mga ko‘paydi.

2022 yil 1 iyun kunidan ishga tushirilgan axborot texnologiyalari yordamida masofaviy ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlari tomonidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilmasdan va fuqarolarning mol-mulklariga daxl qilmasdan 126 ming 373 ta hujjatning ijrosi amalda ta’minlandi.

Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga 300 mlrd so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 mlrd so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.

Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 734,2 mlrd. so‘mlik aliment puli undirildi, 9,2 mlrd so‘mlik uy-joy va 496 mln. so‘mlik transport vositasi aliment oluvchilarga oldindan to‘lov sifatida berilishi ta’minlandi.

Ishsiz aliment to‘lovchilarning 14 ming 976 nafari ishga joylashtirildi, 32 ming 324 ta oilalarni yarashtirishga erishildi.

Qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 736 nafar shaxs ishga tiklandi, to‘lanmay qolgan 43,3 mlrd so‘mlik ish haqi undirildi.

Byuro organlariga 114 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, 93 foizi hal qilingan. Tahlillarga ko‘ra, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish masalasida kelib tushgan murojaatlarning 65 foizi aliment undirish, 24 foizi qarz va 5 foizi zarar undirish hamda 2 foizi boshqa ijro hujjatlari bilan bog‘liq masalalarga taalluqli hisoblanadi.

Sayyor qabullar orqali 2 ming 744 nafar shaxs qabul qilingan. Ishlarni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, xodimlar mas’uliyatini yanada oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Byuro organlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ishlari yanada jadallashtirilmoqda.

Masalan, davlat ijrochisiga ijro hujjatlarni qabul qilish, qarzdorlarni identifikatsiya qilish, mol-mulkini aniqlash, qarorlar qabul qilishga ko‘maklashuvchi “Smart yordamchi» platformasi ishga tushirilgan.

Davlat ijrochilarining avtotransport vositalariga nisbatan qidiruv e’lon qilish haqidagi qarorlarini Yo‘l harakati xavfsizligi organlariga «MIB-Portal” dasturi orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratildi.

Yangi amaliyot joriy qilinib, aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruvdagi 3 mingdan ortiq qarzdorlar haqidagi ma’lumot Byuroning veb-saytiga joylashtirildi.

«SMS-Xabarnoma» avtomat tizimi orqali qarzdorlarga ijro ishi qo‘zg‘atilganidan tamomlashgacha bo‘lgan har bir ijro harakati haqida xabar berish, Android mobil aloqa vositalari orqali qarzdorliklar va xorijga chiqishga qo‘yilgan taqiqlarni aniqlash mumkin.

“MIB.UZ” mobil ilovasi, shuningdek onlayn to‘lov tizimlari (MUNIS, PAYME, CLICK, PAYNET va boshqa) orqali qarzdorliklarni elektron to‘lash mumkin.

“Paynet” to‘lov tizimining jamoat joylarida o‘rnatilgan infokiosklari orqali bank kassalariga bormasdan ijro ishlari bo‘yicha qarzdorlikni tekshirish va naqd pulda to‘lash imkoni yaratildi.

Mulkiy nizolarning oldini olish maqsadida to‘lovga qobiliyatsiz qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Byuroning www.mib.uz rasmiy saytiga joylashtirildi.

Hozirda fuqarolar o‘zlari yashab kelayotgan hududlardagi Byuroning istalgan hududiy boshqarma yoki bo‘limlaridan har haftaning shanba kuni “Online – video” orqali Byuro rahbariyatiga murojaat qoldirishmoqda.

Shuhrat Ne’matov, O‘zA