Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlari, chekka qishloqlarida mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida “Ma’naviyat festivali” davom etmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri Nukus shahridagi “Bo‘z ovul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 43-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.

“Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarida yashaydigan nogironligi bo‘lgan shaxslar, kasalxonada yotgan bemorlar va keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida  “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihasi doirasida  Nukus “Muruvvat” ayollar internat uyida uchrashuv tashkil etildi.

Muruvvat uyi qaramog‘ida ruhiyatida o‘zgarishi bor turli yoshdagi ayollar statsionar davolanadi. Ularga tajribali shifokorlar, psixolog va boshqa soha mutaxassislaridan iborat bo‘lgan tajribali personal amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Nogironligi bo‘lishiga qaramasdan, “Muruvvat” uyida faoliyat ko‘rsatayotgan to‘garaklarda rasm chizish, qo‘l mehnati hamda sport bilan shug‘ullanib keladi.

Tadbirda mamlakatimizda inson qadr-qimmati, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qulay muhit yaratish, jamiyatga integratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar haqida so‘z bordi. Ular mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur huquqiy, tashkiliy shart-sharoitlar yaratilayotgani qayd etildi.

Festival doirasida Qoraqalpoq davlat Yosh  tomoshabinlar teatrida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida chop etilgan “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan millatimiz qahramonlariga ehtirom sifatida yaratilgan mazkur kitob-albom mazmun-mohiyati, uning yosh avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati haqida aytildi. bugungi kunda Vatanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan bir yuz uch nafar yurtdoshimiz “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni hamda “Oltin Yulduz” medali bilan taqdirlangan bo‘lsa, shundan sakkiz nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillaridir.

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar shahar va tumanlarda davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA