O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Jidda shahrida oliy darajadagi O‘zbekiston-Saudiya sammitining asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tadi. 

Muzokaralar kun tartibidan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, energetika, moliya sohalarida va madaniy-gumanitar yo‘nalishda yanada kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

Alohida e’tibor “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, tibbiyot, kichik biznes va tadbirkorlik sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga qaratiladi.

Sammit yakunida ikki tomonlama bitimlarning salmoqli to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.

Tashrif dasturida Saudiyaning yetakchi kompaniyalari, nufuzli xalqaro tuzilmalar – Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki rahbariyati bilan uchrashuvlar ham ko‘zda tutilgan.

Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi chog‘ida davlatimiz rahbari barcha musulmonlar uchun muqaddas Makka va Madina shaharlarini ziyorat qilishi kutilmoqda.