Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda joriy yilning yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,9 foizga kamaydi.

Qayd etilishicha, 2022 yilning 1 iyun holatida mehnat resurslari soni 19,45 million kishini tashkil etib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 100,8 foizga yoki 153,7 ming kishiga oshgan. Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13,7 million kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,9 foizga yoki 261,3 ming kishiga oshgan.

Shuningdek, 2022 yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, rasmiy sektorda band aholi soni 6 milliondan ortiq kishini tashkil qilib, 2021 yilning shu davriga nisbatan yuridik shaxslardan band bo‘lganlar soni 4,1 foizga yoki 240,6 ming kishiga oshgani kuzatilgan.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5,69 million kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 8,2 foiz yoki 507,5 ming kishiga kamaygan.

Qolaversa, xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketganlar 2 milliondan ortiq kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 528,2 ming kishiga oshishi norasmiy bandlarni kamayishiga sabab bo‘lgan.

Tahlillarga ko‘ra, ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1,326 million kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 8,8 foizni tashkil etmoqda. 16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi 14,5 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa 12,8 foizga yetgan. Bundan tashqari, ishlashni xohlamaydigan yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yo‘qlar o‘tgan yilga nisbatan 183,6 ming kishiga kamaygan bo‘lsa, ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotgan talabalar hamda tug‘ruq ta’tilidagi ayollar soni 222,4 ming kishiga oshgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA