Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti joriy yil sentyabr oyida o‘tkaziladi.

Mazkur xalqaro forum oldidan yurtimizda turli siyosiy, iqtisodiy anjumanlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, shu yil 18-19 avgust kunlari mamlakatimiz SHHTning navbatdagi Xotin-qizlar forumiga mezbonlik qiladi. Ayni paytda forumga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Tadbir o‘tkaziladigan joyda hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalari tashkil etilishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi zarur tayyorgarlik ishlarini amalga oshirmoqda.

– Ushbu forumda viloyatimizdagi eng tajribali hunarmandlar o‘zlari tayyorlagan 1000 turdagi mahsuloti bilan ishtirok etadi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov. – Shuningdek, ular o‘sha yerning o‘zida hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlab, ishtirokchilarga namoyish etishi rejalashtirilyapti. Hozirda hunarmandlar o‘zlari yasagan sara hunarmandchilik buyumlarini ko‘rgazmaga tayyorlamoqda.

Batik san’ati ustasi Lola G‘aniyeva, kashtado‘z Mavluda Hamdamova hamda zardo‘z Shavkat Zohidov ko‘rgazmada yangi mahsulotlari bilan qatnashish niyatida.

– Batik, ya’ni turli xil matolarga gul bosish qo‘l mehnatiga asoslangan nafis san’at turi hisoblanadi, – deydi L.G‘aniyeva. – Bu san’atni onamdan o‘rganganman. Gul bosilgan asarlar o‘ziga xos chiroyga ega bo‘lib, uni yaratish jarayoni to‘qish, bo‘yash, gul bosishni o‘z ichiga oladi. Ayollar sumkalari, choyshab, dasturxon, zamonaviy-milliy liboslarda batik san’atini keng qo‘llaymiz.  Ko‘rgazmada 30 xildan ziyod mahsulotlarim bilan birga yaqinda tayyorlagan yangi usuldagi ishim – matoga islomiy naqshli gullar tushirilgan “san’at asari”mni namoyish etaman. O‘ylaymanki, bu mahsulot mehmonlarga manzur bo‘ladi.

Zardo‘z Shavkat Zohidovning zar bilan jilo berilgan zardo‘zlik buyumlari ham hozirgacha ko‘pchilikning e’tiborini qozongan.

– Zardo‘zlik hunari bilan oilaviy shug‘ullanamiz, – deydi Sh.Zohidov. – Men beshinchi avlod vakiliman. Zardo‘zlik o‘ta mashaqqat va sabr-toqat talab etadigan hunar. bugungi kungacha ushbu hunarning zamindo‘z, shakardo‘z, guldo‘z va qubbado‘z kabi tikish usullarini puxta o‘rgandim. Ular asosida miniatyuralar, portretlar ustida ishlab, turli kompozitsiyalar yaratganman. Forumdagi ko‘rgazmaga ulardan ayrimlarini olib boraman. Jumladan, ko‘pchilik xorijlik sayyohlar zar bilan jilo bergan hunarmandchilik asarim – Vatanimiz gerbiga mahliyo bo‘lgan. Shu kuni gerbning yangi nusxasini mehmonlar guvohligida tayyorlayman.

G‘.Hasanov, O‘zA