Davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yaqindan yordam berish uchun Toshkent viloyati biriktirilgan.

Bu borada Mo‘ynoq tumani va Toshkent viloyati hokimliklari tomonidan yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yil boshidan buyon qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, kuni kecha  tumanning eng chekka hududida joylashgan “Hakim ota” ovul fuqarolar yig‘inida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi vakillari, Toshkent viloyatining Ohangaron shahri mas’ullari, ovul nuroniylari qatnashdi.

Ta’kidlash joiz, ovulda 1 ming 600 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda go‘zallik saloni, sartaroshxona, poyabzal tikish ustaxonasi, tikuv sexini jamlagan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasining ishga tushirilishi aholiga qator qulayliklarni yaratdi. Shu bilan birga loyiha samarasida 12 nafar kishining bandligi ta’minlandi.

Maqsad HABIBULLAEV(surat), O‘zA