Toshkent arxitektura-qurilish institutida 4 ta fakultet va 23 ta kafedra bor. Bakalavriatda 22 ta, magistraturada 25 ta mutaxassislik bo‘yicha ta’lim berilmoqda.

Zamon talablaridan kelib chiqib, “aqlli” uylar va shaharlar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yo‘nalishlar dasturga kiritilgan.

Ushbu oliy ta’lim dargohiga kirish istagidagi yoshlar uchun yangi 2022/2023 o‘quv yilida 1 ming 600 dan ziyod kvota ajratilgan. Ular bilan jami talabalar soni 7 ming 500 nafardan ortadi.

Institutning tashkiliy-boshqaruv tizimini isloh qilish boshlangan bo‘lib, uni muhandislik, arxitektura, qurilish va qurilish materiallari texnologiyalari, raqamli qurilish yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish mo‘ljallangan. Bu yildan “Raqamli Universitet” tizimini joriy etish, kelgusi o‘quv yilidan boshlab, kirish imtihonlarini xalqaro standartlar asosida yiliga ikki marta o‘tkazish rejalashtirilgan.

A’lo ABDULLAEV (surat),O‘zA