Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Choriyev boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanida bo‘lib, hududdagi yoshlar yetakchilari faoliyati bilan tanishdi, o‘zaro tajriba almashdi.

Tumanda besh tashabbus olimpiadasi doirasida Surxondaryo viloyat hokimi sovrini uchun sport musobaqalari ham o‘tkazildi.

Prezidentimiz g‘oyasi bilan Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishda shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush sharoitlarini yaxshilashga viloyatlar mas’ul etib biriktirilgan. Taxiatosh tumanini rivojlantirish topshirilgan Surxondaryo viloyati hududni har taraflama yuksaltirish, yoshlarni sportga keng jalb etish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hordiq chiqarishlari uchun yetarli sharoit yaratish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olgan. Shunga muvofiq hududda yirik hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatning Termiz shahri va tuman hokimliklari Taxiatosh tumanining har bir mahalla va ovullariga biriktirilib, “mahallabay” ishlash tizimini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish, aholi bandligini ta’minlashga yaqindan ko‘maklashayotir. Tuman va shahar hokimliklari, mutasaddi tashkilot va korxonalar rahbarlari, tadbirkorlar tez-tez Taxiatoshga borib, yangi loyihalarni amalga oshirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bilan tanishmoqda. Natijadorligi tahlil qilinayotir.

Tumanda viloyat tadbirkorlari amalga oshiradigan loyihalarni yer maydoni va infratuzilma bilan ta’minlash uchun 103,5 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Uning bosh rejasi ishlab chiqilib, hozirgacha yer maydonlari auksion savdolariga chiqarildi. Surxondaryolik tadbirlar Taxiatoshda qiymati 239,6 milliard so‘mlik 19 ta loyihani ishga tushiradi. Tumandagi “Ostona Kilem” mas’uliyati cheklangan jamiyati janubdagi voha tajribasini qo‘llab, kooperatsiya asosida gilamchilikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, kooperatsiya asosida gilamchilikni tashkil etish loyihasini amalga oshirdi. 50 ta yangi ish o‘rni yaratdi. Shuningdek, mazkur korxona hamkorligida Taxiatosh tumanida ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha yana qator ishlar boshlandi. Xususan, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash uchun viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Naymanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi nuroniylar choyxonasi, ovul fuqarolar yig‘ini binosi bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tumanda barpo etiladigan 150 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga 50 ta ixcham issiqxona qurib berildi. 50 ta xonadonga tikuv mashinasi, 20 ta xonadonga 500 tadan jo‘ja ochish quvvatiga ega inkubator topshirildi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun 2021 yilda 7,2 kilometr ariq tozalangan bo‘lsa, shu yilning o‘tgan davrida 5 kilometrdan ortiq irrigatsiya tarmog‘ida tozalash ishlari olib borildi. Bu yumushlar qizg‘in davom etmoqda. Tumanda sho‘rlanishning oldini olish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish uchun 22 kilometr meliorativ tarmoq tozalanib, rekonstruksiya qilinmoqda. Taxiatosh tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi binosi ham to‘liq ta’mirlanib, mutaxassislar uchun qulay sharoit yaratib berildi.

Tumanda tashkil etilayotgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodni har taraflama barkamol voyaga yetkazish, taxiatoshlik yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, munosib rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. Masalan, shu yil bahor faslida Taxiatosh tumani maktablarida surxondaryolik va qoraqalpog‘istonlik o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus – besh imkon” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari va ko‘rik-tanlovlar tashkil etdi. G‘oliblar munosib rag‘batlantirilib, uch ming dona kitob, 50 to‘plam kompyuter, ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun maktab formalari topshirildi.

Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi viloyat hokimi sovrini uchun mahallalar o‘g‘il-qizlari o‘rtasida uyushtirgan shaxmat, stol tennisi, futbol kabi sport bellashuvlari ham barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

– Tuman yoshlarining sportga qiziqish va intilishi katta taassurot uyg‘otdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i J.Choriyev. – Viloyat hokimi sovrini uchun o‘tkazilgan musobaqalarimiz ham qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Yakunda bellashuvlar g‘oliblarini munosib taqdirladik. Bu musobaqalarda faol ishtirok etgan eng chaqqon, eng kuchli yoshlar kelajakda nufuzli jahon bellashuvlarida mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishiga ishonamiz. Shuningdek, viloyat hokimimiz Taxiatoshga kelib, tuman hokimi yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida sport maktabini kurash gilami, Abat makan va Markaz mahallalarini strit-vorkaut jihozlari bilan ta’minlashga yordam so‘rab murojaat etgan edi. Ana shu jihozlarni ham topshirdik.

Tadbir doirasida surxondaryoliklar taxiatoshlik paralimpiyadachi yosh sportchilar xonadonlarida bo‘lib, ular bilan dildan suhbatlashdi. G‘oya va takliflarini tingladi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA