Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Sobirobod mahallasiga bordi.

Bu yerda 10 mingga yaqin aholi yashaydi. Mahallabay tizim natijasida ijtimoiy muhim masalalar hal etilmoqda. Ko‘p qavatli uylarning qiyofasi yangilandi, yo‘laklari, kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirlandi.

Mahalla hududidan o‘tuvchi Yuqori Qoraqamish kanali atrofi ilgari qarovsiz, ko‘rimsiz joy edi. Endilikda obodonlashtirilib, so‘lim xiyobonga aylantirildi. Piyodalar uchun ko‘priklar, bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari, velosiped yo‘lagi, favvora barpo etildi. O‘rindiqlar, shaxmat stoli, charxpalak o‘rnatildi. Daraxtlar ekilib, chimlar yotqizildi. Kanal atrofidagi hududda 300 metr uzunlikdagi ishkomlar o‘rnatilib, uzumlar ekildi.

Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

– Hozir mahalla faollari katta bir komanda bo‘ldi. Raisning yonida o‘rinbosarlari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika noziri bor. Bo‘lgandayam, oyligi, sharoiti, vakolati bilan bor. Endi shunday munosabatga javoban mas’uliyat ham bo‘lishi kerak. Jamiyatdagi o‘zgarishlarda mahalla tashabbuskor, xalqqa yelkadosh bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sobirobod mahallasining o‘sish nuqtasi – tadbirkorlik. Bu yerda o‘nlab sub’ektlar – ishlab chiqarish korxonalari, maishiy xizmat shoxobchalari, xususiy klinikalar, oziq-ovqat do‘konlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunday ishlar boshqa mahallalarda ham yo‘lga qo‘yilgan.

Shu yerda Bosh vazir o‘rinbosarlari mahalla faollari oldida Yunusobod tumaniga qancha investitsiya jalb etilishi, qancha ish o‘rni yaratilishi bo‘yicha axborot berdi.