Prezident qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo‘la beriladigan pul mukofoti summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n besh baravarigacha oshiriladi.

«O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar uchun qulay bo‘lgan vaqtda yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqish huquqi beriladi. Shuningdek, shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli  va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanishi hamda davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olishi mumkin bo‘ladi.

Doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush o‘rtog‘ining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tug‘ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta’minlanadi.

Donorlarni bepul ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha xarajatlarning qiymati respublika bo‘yicha bir xil – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 foizida belgilanadi.

Immun donorlarga o‘tkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq to‘lash miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi.

Shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, har oyning ikkinchi haftasi «Qon donorligi haftaligi» deb e’lon qilindi.

O‘zA