Orolbo‘yida 2022-2023 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari davom etmoqda.

– Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan o‘nta oliy ta’lim muassasasi va ularning filiallariga 75 819 nafar abituriyent o‘z hujjatlarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazdi, – deydi Davlat test markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Abdullayev. – Shundan 58 403 nafari hududda tayyorlangan binolarda test sinovidan o‘tishi belgilangan. Ta’kidlash joizki, yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda Davlat xizmatlari markazlarining o‘rni alohida. Aholiga yaratilgan qulayliklardan biri, oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlarning 23 596 nafari DXM orqali ro‘yxatdan o‘tkazilganligidir.

Oxirgi yillarda hududdagi oliy ta’lim muassasalarining soni o‘ntaga yetgan bo‘lsa, joriy yilda Qoraqalpoq davlat universitetining Chimboy fakulteti tashkil etilib, alohida kvota ajratildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 4 ta hududdagi 8 ta binoda o‘tkazilmoqda. Binolarning dislokatsiyasi joriy yilning mart oyida tegishli vazirlik va tashkilotlar tomonidan tasdiqlandi. Test sinovlari Nukus olimpiya rezervlari kollejining 2 ta sport zali (1-2-binolar) – 780 o‘rin, Respublika o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar sport maktabi sport zali (3-bino)  – 390 o‘rin, Qoraqalpoq davlat universitetining sport saroyi (4-bino) – 390 o‘rin, Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi (5-6-7-8-binolar) – 750 o‘rin, jami 2310 o‘rin tayyorlandi. Test sinovlari o‘tkaziladigan barcha binolar test sinovini o‘tkazish talablariga mos keladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan birga barcha bino va sektorlar Nizom talablari asosida tayyorlandi.

Abituriyentlardan test sinovlariga faqatgina ikkita hujjat – fuqarolik pasporti yoki ID kartasi va “Abituriyent ruxsatnomasi” bilan kelish talab etiladi. Ular uchun kerakli boshqa barcha narsalar, ya’ni ichimlik suvi, ruchka Davlat test markazi tomonidan beriladi. Qayd etish joizki, abituriyentlar uchun kimyo fanidan davriy jadval, fizika fanidan fizik kattaliklar berib kelinayotgan bo‘lsa, joriy yildan boshlab matematika fani uchun formulalar beriladigan bo‘ldi.

Hududdagi abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda test sinovlari 13 kun davom etadi. Bunda test sinovlari ikki smenada: 1-smena 07:00 dan 10:00, 2-smena 19:00 dan 22:00 ga qadar bo‘lib o‘tmoqda. Test sinovlari to‘liq videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilingan holda o‘tkazilmoqda. Abituriyentlar va ularning ota-onalari test2022.uz sayti orqali test sinovlarini onlayn kuzatib borishi mumkin. Test sinovlari o‘tkaziladigan bino va sektorlarning joylashgan o‘rni, geolokatsiyasi batafsil keltirilgan.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA