Kollej va texnikumlarga qabul kvotalari tasdiqlandi. Bu haqida Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Kollej va texnikumlarga qabul parametrlari haqidagi xabarga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘iga asosan 2022/2023 o‘quv yilida kollej va texnikumlarga kunduzgi, kechki, sirtqi va dual ta’lim shakllari bo‘yicha jami 139 638 ta qabul kvotasi mavjud.

Shundan 149 ta kollej uchun — 59 460 ta️, 194 ta texnikum uchun — 80 178 ta kvota berilgan.

Kollejlar uchun respublika bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga qabul kvotasi jami 35 680 ta etib belgilandi.

Shundan: davlat granti — 8 680 ta, to‘lov-kontrakt — 27 000 ta.

Kechki ta’lim shakliga qabul kvotasi jami 2 440 ta. Bunda faqat to‘lov-kontrakt asosida o‘qish mumkin.

Qolaversa, sirtqi ta’lim shaklida ham faqat to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoni bor va unda jami 16 408 ta qabul kvotasi bor. Dual ta’lim shakliga faqat to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotasi esa 4 932 ta etib belgilandi.

Bu tizimda amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari bo‘ladi. Dual ta’lim tizimi asosida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan o‘quvchilarga ish beruvchi bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasiga muvofiq ish haqi to‘lanishi mumkin.

Hujjatlar ️kasb.edu.uz elektron platformasi orqali qabul qilinadi. Qabul 15 avgustga qadar uzaytirilgan.

Texnikumlarga respublika bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga qabul kvotasi jami 54 461 ta etib belgilandi.

Shundan: davlat granti asosida — 14 536 ta, to‘lov-kontrakt asosida — 39 925 ta.

Texnikumlarda kechki ta’limda o‘qish uchun jami 2 320 ta qabul kvotasi bor. Topshiruvchilar faqat to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi mumkin.

Jami 19 590 ta qabul kvotasi sirtqi ta’limga hujjat topshiruvchilar uchun kiritildi. Dual ta’lim shakliga qabul kvotasi esa jami 3 807 ta. Mazkur ta’lim shakllarida ham faqat to‘lov-kontrakt asosida o‘qish mumkin.

O‘zA