Yozgi ta’tilning eng qizg‘in kunlari – abituriyentlarning imtihon topshirish mavsumi bo‘lsa kerak. Ayni kunlarda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun ana shunday test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat test markazidan olingan ma’lumotga qaraganda, joriy yil ham abituriyentlar 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin. “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishini hamda bir vaqtning o‘zida turli ta’lim shaklini tanlash huquqi berilgan. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ustuvorligiga qarab, dastlab davlat granti, keyin to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish imkoni mavjud.

2022-2023 o‘quv yili uchun abituriyentlar onlayn ro‘yxatga olingan. Jami ro‘yxatdan o‘tganlar 1 214 232 nafar.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, har xil imtihon turli darajadagi tayyorgarlikni talab qiladi. Masalan, test xotira, diqqat va mantiqiy fikrlashni talab etadi. Og‘zaki imtihonda esa ritorika, aktyorlik mahorati va boshqa jihatlar ustun keladi.

Dunyo mamlakatlari yoshlar salohiyati, bilim va qobiliyatini sinovdan o‘tkazish uchun turfa sinov usulidan foydalanadi. Ya’ni, imtihon turli davlatlarda o‘zgacha bo‘ladi.

Norvegiyada talabalari ham, bitiruvchilar ham har qanday test yoki imtihonni aldashga yo‘l qo‘ymaydigan maxsus dasturiy ta’minot o‘rnatilgan o‘quv noutbukida topshiradi.

Braziliyadagi Yagona davlat imtihoni muqobili – ENEM xohishga qarab olinadi. Buning uchun 6 oy oldin ro‘yxatdan o‘tish lozim. Islandiya, Shveysariya, Kipr va Filippindagi maktablar imtihonlarni o‘z tizimiga muvofiq o‘tkazadi. Gonkong va Tailandda talabalar 2 ta – maktabdagi bitiruv va davlat tomonidan markazlashtirilgan imtihon topshiradi. Dunyo miqyosida atigi 19 davlat markazlashtirilgan imtihon joriy etgan.

Xitoyda yagona davlat imtihonining mahalliy analogi – “Gaokao” deb ataladigan sinov bir vaqtning o‘zida butun mamlakat bo‘ylab o‘tkaziladi. Mazkur tartib dunyodagi eng murakkab va qattiq tizimlardan biridir. Imtihon uchun talaba faqat eng kerakli narsalarni olishi mumkin: qalam, sirkul, o‘lchagich. Qolgan hamma narsa, hatto, ichimlik suvi ham taqiqlangan.

Imtihon topshirishga 2 kun ajratiladi. Birinchi kun ertalab talabalarga xitoy tili va adabiyotidan javob berish uchun 2 yarim soat beriladi. Tushlikdan keyin chet tili va matematika fani uchun yana shuncha vaqt ajratiladi. Keyingi kun ertalab bolalar ikkinchi majburiy fandan o‘tadi. Kechqurun o‘zlari tanlagan (universitetga qarab) ikkinchi fanni topshiradilar. Natijalar har doim ob’ektiv, chunki jarayon inson omilining oldini olish uchun mukammal kompyuterlashtirilgan.

Italiyada tizim Ta’lim vazirligi rasmiy standartiga muvofiq markazlashtirilgan. Talabalar vazirlik tanloviga ko‘ra, 2 ta yozma imtihon, federal hokimiyat komissiyasi tomonidan ikkita fan bo‘yicha bitta og‘zaki imtihon topshiradi.

Amerika maktablarida yakuniy imtihon juda oddiy – bilim zaxirasi nuqtai nazaridan Yevropa bolalari 7-8-sinfda topshiradigan testga to‘g‘ri keladi. Kollej yoki universitetga kirish uchun talaba 3 qismdan iborat qo‘shimcha standartlashtirilgan test topshiradi: matematika, kompozitsiya, matn tahlili. Bitiruvchi testdan o‘ta olmasa, unga yana 5 marta qayta topshirish imkoni beriladi.

Universitet va kollejga kirish test sinovida standart bilimdan tashqari, o‘rganish qobiliyati ham tekshiriladi. Bunda yagona kompleks imtihondan tashqari alohida fanlar – tarix, fizika, chet tili bo‘yicha ham test mavjud.

Fransiya imtihon tizimi amerikaliklar va ruslarnikidan tubdan farq qiladi. Ko‘pgina gumanitar fanlar bo‘yicha 4 soat ichida insho yozish vazifasi mavjud. Tabiiy fanlar va matematikadan o‘tish uchun test mavjud. Imtihondan o‘ta olmasangiz, bu kelajak taqdiringizga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Zero, bu mamlakat fuqarolari Fransiya universitetlariga tanlovdan tashqari ham qabul qilinadi. Agar eng nufuzli universitetlardan birida o‘qishni niyat qilsangiz, maxsus tanlovdan o‘tishingiz kerak bo‘ladi. Buning uchun avval ichki imtihon topshirgan holda litseyda 2 yillik majburiy o‘qishni bitirish shart.

Buyuk Britaniyada bilim bal bilan emas, balki 8 ballik tizimdagi harflar bilan baholanadi. Eng yuqori baholar – A*, A, B va C. Oddiy universitetga kirish uchun 2-3 ta fandan imtihon topshirish kerak. Bunday imtihonga maktabning so‘nggi ikki yilida tayyorgarlik ko‘riladi. Abituriyent bir vaqtning o‘zida 6 oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishi mumkin. Agar universitet talabaga qiziqish bildirsa, taklif yuboradi. Talaba o‘zi uchun eng ma’qul bir asosiy va bir zaxira o‘qish joyini tanlaydi. Agar “A” bosqichi muvaffaqiyatli topshirilsa, tanlangan universitet o‘quvchini o‘z talabalaridan biri sifatida qabul qiladi.

Turkiyada ikki bosqichli imtihon dasturi qabul qilingan. Dastlab talaba turli fanlardan 160 savoldan iborat yakuniy test topshiradi. Abituriyent minimal ball to‘plasa, universitetga kirishi va mutaxassislik bo‘yicha bir yoki bir necha tematik imtihon topshirishi mumkin. Qaror qabul qilishda universitet ikkala imtihon natijasiga tayanadi. Har to‘rtinchi abituriyent Turkiya universitetlariga o‘qishga kiradi. Shu sababli mamlakatda o‘qishga kirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun tijorat tashkilotlari tizimi ishlab chiqilgan.

Finlandiyada kasb-hunar ta’limi muassasalariga talabgorlar hech qanday imtihonsiz, maktabni tamomlagandan so‘ng kirishi mumkin. Universitetga kirish uchun 3 yil gimnaziyada o‘qiladi. Keyin milliy imtihonlardan birini topshirish lozim. Odatda imtihondan o‘tish qiyin kechmaydi. 2 nafar o‘qituvchi kuzatuvchi vazifasini bajaradi. Hech kim ma’lumotnoma yoki lug‘atdan foydalanishni taqiqlamaydi.

Janubiy Koreyada umumiy qabul qilingan yakuniy imtihon mavjud emas. Fuqaro maktabni tugatgani to‘g‘risidagi sertifikat bilan ta’lim olishi mumkin. Universitetga kirish uchun 4 ta asosiy yo‘nalish – koreys va ingliz tillari, tarix va matematikadan imtihon analogini topshirish zarur. Bundan tashqari tanlash uchun yana uchta fan bo‘yicha imtihon topshirish mumkin. Savollar bir vaqtning o‘zida butun mamlakat bo‘ylab markazlashtirilgan holda ochiladi. Imtihonga faqat ruchka va qalam bilan kiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda va boshqa davlatlardagi imtihonlar o‘rtasida muayyan farq yoki o‘xshashlik mavjud. Binobarin, abituriyentlar, ularning imtihon davridagi ichki kechinmalari hamma joyda bir xil – kuchli hayajon, qo‘rquv va javobgarlikni o‘z zimmasiga olish. Ana shunday his-tuyg‘ularni boshdan kechirayotgan barcha yigit-qizlarga omad tilaymiz!

Go‘zal Sattorova,

O‘zA