Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida nodavlat ta’lim tashkilotlari salmog‘ini oshirish hamda ularda ta’lim sifatini ta’minlashga oid ishlar xususida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Prezidentimiz tomonidan yurtimizda nodavlat ta’lim tashkilotlari salmog‘ini oshirish, ularga zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab berilgan.

Ushbu vazifa ijrosini sifatli ta’minlash maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish yo‘lida xalqaro tajribadan kelib chiqib, fuqarolarning talab-istaklarini inobatga olgan holda, yangicha tartiblar ishlab chiqildi. Bu jarayonlar yildan-yilga takomillashtirilmoqda.

Sohadagi islohotlar ikki bosqichda amalga oshirildi: birinchi bosqichda 2017-2018 yillarda nodavlat ta’lim tashkilotini ochish istagida bo‘lgan tadbirkorlar uchun nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlandi.

Tadbirkorlik sub’ektlaridan ortiqcha hujjat talab qilmaslik, ularning vaqt hamda mablag‘lari sarflanishini kamaytirish uchun tartib-taomillarni soddalashtirish, tegishli hujjatlarni berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflikni ta’minlashga erishildi.

Litsenziya uchun talabgorlar tomonidan topshiriladigan hujjatlar soni 9 tadan 5 taga qisqartirildi.

Ushbu soddalashtirilgan tartib asosida Ta’lim inspeksiyasi tomonidan belgilangan talablarga javob beradigan 4 mingdan ortiq nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziyalar rasmiylashtirib berildi.

Natijada nodavlat ta’lim tashkilotlari soni 2017 yilda 512 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 5678 taga yetdi. Ya’ni, so‘nggi besh yilda ularning soni qariyb 11 barobar oshdi.

Shuningdek, Prezidentimizning tegishli Farmoniga asosan 2021 yil 1 yanvardan boshlab maktabdan tashqari ta’lim hamda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv kurslari xabardor qilish tartibida tashkil etilmoqda. Hozirda ularning soni 1 671 taga yetdi.

Ikkinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasida yangi litsenziya talablari va shartlari ishlab chiqildi va Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son va 2022 yil 25 fevraldagi 88-sonli qarorlari bilan tasdiqlandi.

Ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib nodavlat ta’lim tashkilotlariga qo‘yilgan talablar aniq bandma-band ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirda nodavlat ta’lim tashkilotlarining huquqiy maqomi belgilandi, ulardagi faoliyat bo‘yicha normalar tartibga solindi.

Aynan shuning uchun ham 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasining 41-maqsaddagi vazifalardan biri sifatida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarga imkoniyatlarni kengaytirish orqali ularning ulushini 2026 yilda 8 foizga, shu jumladan, 2022 yilda 3 foizga oshirish belgilangan.

Shuningdek, 49-maqsadda 2026 yilgacha nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari sonini kamida 50 taga yetkazish, xususan, 2022 yilda Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida kamida 1 tadan nodavlat oliy ta’lim tashkilotini tashkil etish vazifasi belgilangan.

2022 yilning o‘tgan davri mobaynida 8 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga litsenziya berildi.

Bironta ham nodavlat oliy ta’lim tashkiloti bo‘lmagan Qashqadaryo, Namangan, Samarqand kabi viloyatlarda joriy yilda xususiy institutlar ish boshladi.

Hozirgi paytda bitta ham nodavlat oliy ta’lim tashkiloti bo‘lmagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarining mahalliy hokimliklari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. bugungi kunda inspeksiya tomonidan litsenziyalangan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni 42 taga yetdi. Joriy yil 15 iyun kuni Prezidentimiz raisligida aholini kasb-hunarga tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida hamkorlarni jalb etgan holda xususiy kollej va texnikumlarni tashkil etishga ko‘maklashish vazifasi belgilangan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida xususiy kollej va texnikumlarni tashkil etish uchun quyidagi imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.

Loyihaga ko‘ra, xususiy kollej va texnikumga litsenziya olish talablari yengillashtirilmoqda. Shuningdek, bo‘sh binolarni uzoq muddatga ijaraga berish, xorijdan keltiriladigan adabiyotlar va uskunalarni bojxona to‘lovlaridan ozod qilish, xalqaro malaka sertifikatini olgan har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan mukofot to‘lab berish hamda ehtiyojmand yoshlar to‘lov-kontrakti mablag‘ining 30 foizini qoplab berish shular jumlasidandir.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faqat litsenziya berish bilan cheklanib qolmasdan, o‘z vakolati doirasida nodavlat ta’lim tashkilotlarida litsenziya talablari bajarilishini nazorat qiladi. Qonunchilikda belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatishga, ulardagi ta’lim sifatini o‘rganishga hamda bu borada tegishli taklif va tavsiyalar berishga harakat qiladi.

Anjumanda media soha vakillarining savollariga batafsil javob qaytarildi.

N.USMONOVA, O‘zA