Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashining O‘zbekistondagi a’zosi, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ham ishtirok etmoqda.

Kengashning navbatdagi yig‘ilishi doirasida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ishtirokchilar bilan uchrashdi.

S.Japarov yoshi ulug‘lar jamiyat va davlatda hayotida muhim o‘rin tutayotganini ta’kidlab, globallashuv davrida tashkil etilgan Oqsoqollar Kengashi dunyodagi eng kuchli uyushmalardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

Qirg‘iziston rahbari O‘zbekiston Oqsoqoli bilan suhbat davomida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ko‘rganlari dunyoqarashini tamoman o‘zgartirib yuborganini, ochiq boshqaruvda Shavkat Mirziyoyevdan ko‘p narsa o‘rganganini ta’kidlagan.

S.Japarov joriy yil Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida, albatta, ishtirok etishi va ushbu sammit yuqori darajada o‘tkazilishiga ishonch bildirdi.

Shuhrat Ne’matov, O‘zA