Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlar vakillari jangovar ruh, jamoaviy jipslik, akrobatik usullar, o‘tochar va sovuq qurollardan mohirlik bilan foydalanishni ko‘rgazmali qo‘l jangi musobaqasida namoyish etdi.

Harbiy xizmatchilarning jismoniy imkoniyatlarini yuksaltirish, armiya qo‘l jangi va pichoq bilan jang qilish san’atini rivojlantirish, maqsadida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qo‘l jangi ko‘rgazmali musobaqasi o‘tkazib kelinadi.

Nukus garnizonidagi harbiy qism bazasida bo‘lib o‘tgan musobaqaning Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug bosqichi jangovar shouga aylanib, kuchli raqobat, shiddat va matonat bilan kechdi.

Uch bosqichda o‘tkaziladigan ushbu musobaqa harbiy jamoalarning jipsligini ta’minlab, hamjihatlikda harakat qilish, jamoalarda jangovar ruhni yuksaltirish, qurol bilan murakkab qo‘l jangi elementlarini namoyish etish hamda bu sportni ommalashtirish kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi.

Maydonda birin-ketin musobaqalashgan o‘nga yaqin jamoa jipslikni, kuch, shijoat va mahoratni ko‘rgazmali tarzda namoyish eta oldi. Akrobatik usullarda namoyish etilgan ko‘rgazmalar, pichoq jangi va qurol bilan murakkab elementlar, dadil harakatlar hech kimni bee’tibor qoldirmadi. Ayniqsa, bellashuvda yaqindagina saflarni to‘ldirgan muddatli harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari hay’at a’zolari va kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Musobaqaning shaffofligi va adolatli kechishini ta’minlash maqsadida harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan hay’at a’zolari tuzilib, unda har bir jamoaning xatti-harakatlari odilona baholab borildi.

Bellashuv ikki yo‘nalishda, ya’ni 20 kishidan iborat jamoa  va 2 nafardan iborat juftlik tarkibida olib borildi. Jamoaviy tarkibda ishtirokchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, maydonga kirib kelishi, tanlangan qo‘shiq sifati, kiyim rusumi, aktyorlik mahorati, ko‘rgazmaga yangilik kiritgani, akrobatik usullardan foydalangani hamda oyoq va qo‘l bilan berilgan zarbalarning samarasi kabi mezonlar bo‘yicha baholandi.

Juftlik bahslarini baholashda ikki nafar harbiy xizmatchi qurolsiz va qurol bilan ko‘rgazmali chiqishi hamda qo‘l jangi usullarini namoyish etishi, jangga yangilik yoki o‘ziga xoslik kiritgani hamda akrobatik usullarni bajarishi kabi mezonlarga e’tibor qaratildi.

Jamoalarning mashqlarni sinxron tarzda, tez, aniq bajarganiga qarab ularga qo‘yilgan ballar yuqorilab bordi

Ishtirokchilarning barcha chiqishlarida har xil turdagi tirik jonzotlarga ozor beruvchi, harbiy xizmatchi joniga xavf tug‘diruvchi amallardan foydalanilishi ta’qiqlandi.

Yakuniy natijalar bo‘yicha Urganch garnizonidagi harbiy qism vakillari birinchi o‘rinni, Nukus garnizonidagi harbiy qismning ikkita jamoasi ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan jamoalar kubok, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Bellashuvda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa endilikda Mudofaa vazirligi miqyosida bo‘lib o‘tadigan musobaqaning final bosqichida harbiy okrug sharafini himoya qilish uchun yo‘l oladi, – deyiladi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabarida.

 

O‘zA