O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini yoritadigan yangi innovatsion telekanal tashkil etiladi. Telekanal «Agro TV» deb nomlanib, unda agrosanoat sohasiga tegishli ma’lumotlar beriladi.

Shuningdek, «Agro TV» telekanalining asosiy maqsadi – mamlakat qishloq xo‘jaligi sektorini yangi va zamonaviy rakurslarda ochib berish.

Shuningdek, media texnologiyalarning zamonaviy usullari va tendensiyalaridan foydalanilgan holda mahalliy tomoshabin hamda xorijiy investorlarni go‘sht va sut, qandolat mahsulotlari, meva-sabzavot, paxta, bug‘doy va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasidagi so‘nggi yangiliklar bilan tanishtirib boradi.

Bundan tashqari, auditoriyani jahon va mahalliy qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangiliklardan xabardor qilish, tomoshabinga bu sohadagi xalqaro tajriba, innovatsiyalar, nou-xao, shuningdek, yetakchi mahalliy va xorijiy ekspertlarning fikrlari bilan tanishish imkoniyatini beradi.

«Agro TV» telekanali o‘zbek, rus va ingliz tillarida efirga uzatiladi. Telekanal qamrovi O‘zbekistonning barcha viloyatlarini o‘z ichiga oladi.

O‘zA