O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Singapur Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Singapurda) Zulkifli bin Baharudinni qabul qildi.

Diplomat O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida erishilayotgan yutuqlarga ijobiy baho berdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Singapur munosabatining turli sohalardagi dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama hamkorlik salohiyatidan unumli foydalanish, jumladan, o‘zaro tashriflar tashkil etish, tashqi ishlar vazirliklari aro maslahatlashuvlar o‘tkazish, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirish orqali o‘zaro aloqani faollashtirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Turli daraja va shaklda rejalashtirilgan tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Iqtisodiy diplomatiyani rag‘batlantirish maqsadida tomonlar ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani yo‘lga qo‘yish, biznes-forumlar tashkil etish, elektron tijorat va “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va boshqa sohalarda yangi loyihalar amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Do‘stona va o‘zaro ishonch muhitida o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida barcha sohalarda aloqani chuqurlashtirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatni davom ettirishga kelishildi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA