Prezidentimizning joriy yil 24 maydagi «Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining 4-v kichik bandiga asosan 2023 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilar tomonidan hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur qaror bilan tadbirkorlarga yengillik yaratish maqsadida suv hisoblagichlarini o‘rnatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha soliq imtiyozlari beriladi.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 yanvardan boshlab masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarni o‘rnatmagan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilarga ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun suvni hisobga olish uskunasi bilan ta’minlanmagan iste’molchilar sifatida hisob-kitob amalga oshiriladi.

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lum qilishicha, mazkur qarorning 5-bandi ijrosi doirasida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, «O‘zsuvta’minot» AJ va Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda sovuq va issiq suvni hisobga olish uskunalarining turlariga nisbatan (Dn-15 dan Dn-25 gacha va Dn-32 dan Dn-1500 gacha) texnik talablar ishlab chiqilgani va tasdiqlangan.

Yana bir ma’lumot, texnik talablar «O‘zsuvta’minot» AJ veb-saytining (www.uzsuv.uz) «Normativ hujjatlar» bo‘limiga joylashtirilgan.

2023 yildan boshlab xorijiy hamda mahalliy suv hisoblagich ishlab chiqaruvchilar ushbu texnik talablar asosida suv hisoblagich uskunalarini taklif etishlari mumkin bo‘ladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA