Jumadan jumagacha

Hafta tahlili

Hafta boshida Tashqi siyosat, savdo, iqtisodiyot va transport masalalariga mas’ul bo‘lgan vazirliklar rahbarlari ishtirokida ilk bor “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” uch tomonlama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Global iqtisodiyotda kechayotgan jadal va noodatiy jarayon davrida Boku tashabbuskor bo‘lgan “uchlik” uchrashuvi muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Aslini olganda bu uch turkiy davlat sheriklikni ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama shaklda davom ettirmoqda. Qolaversa, ayni hamkorlikning yangi shakli izchil rivojlanib borayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Kaspiy sammiti singari turli ittifoqchilik uyushmalarini to‘ldirgandek.

Shu yil mart oyi oxirida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, iyun oyida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Toshkentga tashrif buyurgandi. Har ikki davlat yetakchisi O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar chog‘ida, taxminimizcha, mazkur “uchlik” masalasini kelishib olishgan.

Mamlakatimiz Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘lining tranzit salohiyatidan foydalanishi uchun keng imkoniyat yaratilayotgani muhimligini uch tomon ham e’tirof etdi. Biz ham, o‘z navbatida, g‘arbning iqtisodiy sanksiyasi tufayli ancha mushkul vaziyatga tushib borayotgan Rossiya imkoniyatlaridan vaqtincha foydalana olmasligimiz bor gap.

“Uchlik” yig‘ilishida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston hududidan o‘tadigan yangi temir yo‘l haqida ham gap bordi. Bu loyiha amalga oshgach, Transkavkaz yo‘lagi orqali nafaqat biz uchun, hatto, xitoyliklar uchun ham Yevropaga yangi savdo yo‘li ochilishi shubhasiz.

Sentyabr oyida Samarqandda SHHT sammiti bo‘lib o‘tadi. Tomonlar ushbu siyosiy tadbir doirasida yana ko‘rishib olishga kelishdi.

O‘tayotgan haftada jahon afkor ommasining butun diqqat-e’tibori AQSH Kongresi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosiga qaratildi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi safariga chiqqan Qo‘shma Shtatlarning uchinchi yuqori lavozimli shaxsi dasturida Tayvanga borish ko‘rsatilmagandi. Xalqaro nashrlar va ekspertlar uning mazkur orolga birrov kirib ketishi ustida ancha tortishdi. AQSH tashqi ishlar mahkamasi rahbari bahsga qo‘shilib o‘tirmadi: “xonim xohlasalar, orolga boradilar”, deb qo‘ya qoldi jo‘ngina.

Pekin rosmana g‘azab otiga mindi: “ko‘rsatib qo‘yaman”, degan tahdidni ikki-uch kun ichida juda ko‘p takrorladi. Hatto, kutilmaganda orol atrofida rejalanmagan harbiy mashq ham boshlab yubordi.

Ommaviy axborot vositalari Pelosi mingan uchoqning qaysi davlat osmoni hududidan o‘tayotgani to‘g‘risida, deyarli, aniq-noaniq xabarlar tarqatib turdi. Kimningdir bashorati to‘g‘ri chiqib, samolyot mahalliy vaqt bilan oqshom soat o‘nlardan oshganda Taybeyga qo‘ndi.

Orolga 1997 yilda respublikachi, Vakillar palatasi yetakchisi Nyut Gingrich tashrif buyurgan bo‘lsa, 25 yil deganda navbatdagi spiker rahbarligidagi delegatsiya qayta keldi. Nensi xonim rejadagi uchrashuvlarini o‘tkazib, 19 soatdan keyin safarini davom ettirish uchun Seulga qarab uchdi.

AQSH qadimdan Tayvanni qo‘llab keladi. Rasmiy ravishda hududning harbiy ishlariga aralashmayman, deydi-yu, Vashington Taybeyga qurol sotishdan tiyilmaydi. “Biz “yaxlit-butun Xitoy” tarafdorimiz”, deyishni-da unutmaydi.

Xitoy bizga tegishli, deya orolni o‘ziga birlashtirish uchun anchadan buyon urinib yotibdi. Agar tinch yo‘lga ko‘nmasa, harbiylar aralashadi, deb ham qo‘yadi ora-sira.

Pekin amerikalik mulozimning uchog‘i Taybeydan osmonga ko‘tarilmasidanoq Tayvanga iqtisodiy sanksiya e’lon qildi. Orolga yetkazib berilayotgan uch xil sitrus meva to‘xtatildi. Ikki xil baliq importi qisqartirildi. Albatta, bu chora orol iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazmaydi, ammo Xitoydan qum kelishini taqiqlash sezilarli ta’sir qiladi. Bundan tashqari turli jamg‘arma va tashkilotlar bilan aloqani butkul uzish talab qilinmoqda.

Gapning ochig‘ini aytish kerak bo‘lsa, oliy martabali chet el delegatsiyasi muxtor viloyatga kelishi uchun poytaxt rasmiylari bilan kelishishi talab etiladi. Pekinning “Pelosi Tayvanga kelishi Xitoy ichki ishlariga aralashish”, degan bayonotini xorij tahlilchilari ma’qullashdi. Ya’ni, mustaqil bo‘lmagan orolga amalga oshirilgan safarni boshqa tilda “provokatsiya”, deb atash ham mumkin, deyishdi.

Oroldagi muzokarada tahlilchilar diqqatini tortgan tomoni Pelosi ham Prezident Say Inven ham Tayvanning mustaqilligi haqida bir og‘iz gap ochmadilar. “Amerika orolni doim qo‘llab-quvvatlaydi” qabilidagi navbatchi kalima bilan chegaralanishdi.

Ikki yuqori lavozimli xonim suhbati yakunida Tayvan prezidenti shaxsan o‘zi Pelosiga mamlakatning eng oliy mukofotlaridan – “Baxtli bulutlar” ordenini topshirdi.

Ko‘p manbalarda afsus bilan qayd etilishicha, G‘arbning siyosati tufayli Tayvan va yer yuzining boshqa joylarida shu kunlarda sodir bo‘layotgan harbiy amaliyotlar global urush va yadro qirg‘ini xavfini oshirmoqda. Bu orada shundoq ham taranglashgan munosabatni yaxshilash o‘rniga susaytirish uchun Tayvanga borish shart emas edi, deguvchi siyosatchilar ham topildi.

Vashington va Pekin o‘rtasidagi geosiyosiy munosabat dunyodagi eng muhim millatlararo ziddiyat hisoblanadi. Ikki yirik davlat raqobatchi ko‘ringani bilan, aslida, bir-biriga dushman, deydi ekspertlar. Shu bilan birga ish qurolli to‘qnashuvga yetib bormasligi ham alohida ta’kidlanadi.

Pelosi ta’biri bilan aytganda, Tayvanga safar muvaffaqiyatli o‘tgan. U kommunistik Xitoy rahbariyatini dog‘da qoldirib, Pekinning Tayvandagi amallarini qoralagan.

Oq uy ma’muriyati ham Pelosini to‘la quvvatladi. Kongressda nafaqat demokrat-senatorlar, balki 26 nafar respublikachi ham rahbarga dastak berdi. Vakillar palatasi esa 82 yoshli demokrat spikerning siyosiy karerasi nihoyalab borayotganidan xavotirga tusha boshladi.

Rossiya, Ukraina va Turkiya bevosita BMT ko‘magida xayrli ishga bosh qo‘shgandi. Uzoq tortishuv va muzokaradan so‘ng Qora dengizdan Ukraina uchun “bug‘doy yo‘lagi” ochib berildi. “Razoni” yuk kemasi 1 avgust kuni Odessa portidan chiqib, ertasiga Istanbulda Qo‘shma muvofiqlashtiruvchi markaz tekshiruvidan o‘tkazilib, Livanning Tripoli portiga kuzatib qo‘yildi.

Ilk kemaga 26 ming tonna makkajo‘xori ortildi. Nega Livanga, degan haqli savolga javob shuki, bu mamlakat xalqi ijtimoiy, iqtisodiy, moliyaviy inqirozni, oziq-ovqat tanqisligini boshidan kechirmoqda. Mablag‘-chi? Jahon banki kechiktirmasdan don mahsulotlari sotib olish uchun iyul oyida Livanga 150 million dollar ajratdi.

Uch davlat imzolagan hujjat 120 kun amalda bo‘ladi: uch oyda tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini Ukrainaning Odessa, Chernomorsk, Janubiy va Nikolayev portlaridan olib chiqib ketishga ulgurish lozim.

Shu tariqa Ukrainaga 23 million tonna bug‘doyini jahon bozoriga chiqarib sotish imkoni yaratib berildi. Kutilayotgan daromad – 1 milliard dollar. BMT anchadan buyon bug‘doy taqchilligi tufayli dunyoda oziq-ovqat inqirozi yuz berishidan ogohlantirib kelayotgan edi. Demak, bu amaliyotni kichik dastak sifatida qabul qilish mumkin.

Ukrainaning dengiz portlarida mina va turli boshqa tahdidlar tufayli qantarib qo‘yilgan 15 mamlakatning 70 ga yaqin kemasiga yo‘l ochildi.

E’tibor qilinsa, uch davlatning yuqori martabali zobitlari bu ishga bosh-qosh. Harbiylar aralashuvisiz bu ish oxiriga yetkazilishi dargumon edi, deydi ayrim xorijlik tahlilchilar.

Nima bo‘lgandayam, muzlab yotgan “bug‘doy ishi” yurib ketdi. Vaqtida “avval iqtisod, keyin siyosat”, degan gapning mag‘zi chaqildi, chog‘i.

Turkiya yetakchisi oziq-ovqat masalasi qisman hal etilganidan mamnunligini yashirmadi: Navbat – ikki davlatni yarashtirishga! Shunday xushxabarni yaqin kunlarda eshitmoq umidi bilan,

Yana xabarlashguncha, deb qolaman!

O‘zA siyosiy sharhlovchisi

Abror G‘ULOMOV