bugungi kunda butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash tobora dolzarb muammoga aylanib borayotgani barchamizga yaxshi ma’lum. Shulardan kelib chiqib, mamlakatimizda aholining tabiiy mevalarga, sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, iqtisodiyotning agrar yo‘nalishida eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar olib borilyapti.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanining «G‘ayrat» massividagi yangi tashkil etilgan uzumzorda hamda Andijon viloyatining «Gren And Garden Investment» aksiyadorlik jamiyati hududida «Adir hududlarida zamonaviy bog‘ – tokzorlar barpo etish orqali ish o‘rinlarini yaratish» mavzusida respublika seminari o‘tkazildi.

Unda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bosh direktori X.Karimov, Andijon viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i S.Esonov, agentlikning rahbar o‘rinbosarlari, markaziy apparati bo‘lim boshliqlari, DUK rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi. Seminarda qisqa muddat ichida zamonaviy tokzorlar barpo etish borasida bajarilgan ishlar o‘rganildi.

Seminarda taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida 430 gektar yer maydonida barpo etilgan uzumzor 1500 nafar kam ta’minlangan va ishsiz fuqarolarga bo‘lib berilgan. Uzumzor tashkil etilishida 5 mingdan ortiq ishchi mehnat qilgan.

Andijon viloyatining Asaka tumanida esa 600 gektarlik uzumzor barpo etilmoqda. Mazkur uzumzor bog‘da quyosh panellari orqali yoritish chiroqlari o‘rnatilgan, 180 metr balandlikka 315 kv.li 2 ta suv nasosi orqali suv olib chiqiladi. Bog‘larni sug‘orishda «tomchilatib sug‘orish» usulidan foydalaniladi. Kelgusida bu bog‘da uzumning «Avatar», «Rizamat ota», «Toyfi» hamda intensiv bog‘da o‘rik navlarini yetishtirish rejalashtirilmoqda. 800 ta doimiy, 5 ming 700 ta mavsumiy ish o‘rinlari tashkil etiladi.

Loyiha doirasida ekoturizmni ham rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda 100 gektardan ortiq maydonga uzum toklari uchun beton tayanchlar o‘rnatilgan. Dam olish maskanida qurilish ishlari olib borilmoqda.

Seminarda aytilganidek, adirlikda barpo etilayotgan uzumzor landshafti va istirohat loyihasi arxitektor Sema Akdeniz, Erdal Ayyildiz tomonidan tayyorlangan. Kelgusida shunday yirik loyihalar boshqa viloyatlarda ham tatbiq etiladi.

 

M.Komilova, O‘zA