Har yili oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar qabul jarayoni boshlanishi arafasida “falon dollar bersang, o‘qishga kiritib qo‘yaman”, deydigan firibgarlar ko‘payadi. Eng achinarlisi, firibgarlar tuzog‘iga minglab odamlar ilinmoqda. OTM imtihon natijalari chiqqanda o‘qishga kirganlar qatorida yo‘qligi bir zarba bo‘lsa, million-million pullarini endi firibgardan qaytarib ololmasligidan battar eziladi.

Bu kabi holatlarning oldini olish, korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq noqonuniy holatlarni aniqlash va chek qo‘yish bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda o‘rta-maxsus va oliy ta’lim sohasida pora olish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarni sodir etishining oldini olish borasida muntazam ravishda tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq 127 ta jinoyat fosh etilib, 384 mln. so‘m va 457 ming AQSH dollarining firibgarlik yoki pora sifatida qo‘lga kiritilishining oldi olindi.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlardan o‘qishni yurtimizdagi oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirib berishni va’da qilgan shaxslarning 34 ta jinoyati fosh etilib, huquqbuzarlar tomonidan 81,8 mln. so‘m va 168,2 ming AQSH dollarining qo‘lga kiritilishiga chek qo‘yildi.

Yurtimizdagi kollej va texnikumlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq 37 ta jinoyat fosh etilib, 22 mln. so‘m va 27,5 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Hududlar kesimida tahlil qilganda, bu borada Andijonda – 29 ta, Farg‘onada – 27 ta, Toshkent shaharda – 26 ta, Samarqandda – 21 ta, Buxoro va Toshkent viloyatlarida – 17 tadan, Namangan hamda Sirdaryoda – 16 tadan, Surxondaryoda – 9 ta, Jizzax, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmda – 6 tadan, Qashqadaryoda – 3 ta, Navoiy viloyatida – 1 ta jinoyat aniqlangan bo‘lib, huquqbuzarlik sodir etganlarning 17 nafari oliy ta’lim tizimida, 14 nafari kollej va litseylarda ishlasa, 169 nafari boshqa soha vakillari yoki fuqarolarni tashkil etgan.

Ayni paytda yurtimizda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari davom etar ekan, Departament va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar tomonidan ushbu yo‘nalishda korrupsiya holatlarining oldini olish borasida profilaktika va tezkor-qidiruv tadbirlari davom etadi.

Mang afsuski, oramizda «Diplom bo‘lsa yetadi, u yog‘i bir gap bo‘lar» qabilida ish tutadigan, abituriyentning qobiliyati, bilimi va salohiyatiga ikkinchi darajali masala sifatida qaraydiganlar ham yo‘q emas.

Shu o‘rinda ota-onalar va abituriyentlarga shuni aytgan bo‘lar edik. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 170 ta oliy ta’lim muassasalarining barchasida o‘qishga kirish borasida keng imkoniyatlar yaratilgan.

Har bir abituriyent bir vaqtning o‘zida 5 tagacha OTMga kirish uchun imtihon topshirishi, qolaversa, yetarlicha ball to‘play olmagan taqdirda kontrakt yoki oshirilgan kontrakt to‘lovini amalga oshirib, talaba bo‘lishlari mumkin.

Agar oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda, o‘qishga kirishda ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida harakat qilsangiz qonunni buzmaysiz hamda firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaysiz.

Sh.Mamaturopova, O‘zA