Prezidentimizning joriy yilning 4 avgustda «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va boshqaruvchi tashkilotlarni moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan 2022 yil 1 sentyabrgacha muammoli kredit qarzi bor uy-joy mulkdorlari shirkatining (JEK) boshqaruv usulini o‘zgartirish bo‘yicha umumiy yig‘ilish qarori qabul qilinsa, ular davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Qarorga ko‘ra, muammoli bank kreditlari bor shirkatlar bankning xulosasi olingan taqdirda, tugatilishi mumkin. Tugatilgan yoki boshqarish usuli o‘zgartirilgan shirkatlar boshqaruvidagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish uchun qoida tariqasida reytingi yuqori bo‘lgan boshqaruvchi tashkilotlar jalb qilinadi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi jalb qilingan boshqaruvchi tashkilot faoliyatini, xizmatlar sifatini 6 oy monitoring qiladi va ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalariga rioya qilmagan boshqaruvchi tashkilotlarga choralarni qo‘llaydi.

2022 yil 1 noyabrdan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari boshqaruv faoliyatini, ular elektron reyestrga kiritilganidan so‘ng amalga oshiradi. Uylarni qurish loyiha hujjatlarida, kadastr pasportida umumiy foydalanishdagi mulk ro‘yxati aniq ko‘rsatiladi.

Qurilishi tugallangan ko‘p kvartirali uylarga ruxsatnoma berilganidan so‘ng loyiha hujjatlari, kadastr pasporti va mazkur ruxsatnomaga umumiy mol-mulkni kamaytirish va tutash yerda qo‘shimcha ob’ekt qurish uchun o‘zgartirish kiritish taqiqlanadi.

O‘zA