Turizm sub’ektlari uchun yaratilgan shart-sharoitni yanada yaxshilash maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori asosida oilaviy mehmon uyi ochmoqchi bo‘lgan kichik tadbirkorlik sub’ektiga tijorat banki tomonidan milliy valyutada 5 milliard so‘mgacha uch yil muddatli kompensatsiya beriladi.

Mablag‘ Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

Shuningdek, endi turistik axborot markazini O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida bepul joylashtirish mumkin.

O‘tovli va chodirli oromgoh xizmatini sertifikatlashtirish soddalashtirilgan holda, o‘rganish dalolatnomasi asosida oilaviy mehmon uyi, xostel, o‘tovli va chodirli oromgohni Oilaviy mehmon uyi va xostel yagona reyestriga kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ma’lumki, hozir yangi qurilgan mehmonxonasi 3 yulduzli toifa va 50 dan kam bo‘lmagan xona fondiga yoki 4 yulduzli maqom va 100 dan kam bo‘lmagan xona fondiga ega bo‘lganda investorga subsidiya ajratiladi. Qarorda “yangi qurilgan mehmonxona” tushunchasi ham mustahkamlandi.

Ya’ni,tasdiqlangan loyiha asosida kapital bino va inshoot sifatida qurilgan yoki oxirgi o‘n yil mehmonxona fondida mavjud bo‘lmagan holda qayta qurilgan mehmonxona yangi qurilgan mehmonxona hisoblanadi. Shuningdek, qurilish jarayonida o‘zgartirilgan loyiha bo‘yicha (mehmonxonani rekonstruksiya va (yoki) renovatsiya qilish bundan mustasno) joylashtirish vositasi sifatida qurilib, yangidan ishga tushirilgan ob’ekt ham yangi qurilgan mehmonxona sifatida qayd etiladi.

O‘zA