Mamlakatimizda so‘nggi yillarda umumxalq manfaati, inson qadri kabi tushunchalarga e’tibor yanada ortdi.

Fuqarolar bilan muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganib, imkon qadar joyida hal etish tartibi izga tushdi. Bugun odamlarni rozi qilish har bir davlat organi va mansabdor shaxs zimmasidagi kundalik vazifaga aylandi.

Bu haqda so‘z borganda murojaatlar bilan ishlash masalasi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlash lozim. Bu jarayonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan murojaatlar bilan ishlash faoliyatida alohida amaliyot yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kelib tushgan har qanday takliflarga sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda kompleks yondashish orqali muammoga yechim topish yo‘lida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sa’y-harakatlar natijalari o‘laroq tegishli qonun hujjatlari hamda soha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan fuqaro qabuli ham ushbu yo‘nalishdagi faoliyatning amaliy davomi bo‘ldi.

Xususan, Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar F.Abdurahmonov va B.Qurbonovlar Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva boshchiligida qo‘mita a’zolari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlari, Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi, Tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi vakillari, sohadagi qator malakali ekspertlarning bevosita qatnashuvida qabul qilindi.

Ushbu jarayonda murojaatchilarning nogironligi bo‘lgan insonlarga joriy qilingan imtiyozlar, shu jumladan yoshga doir va nogironlik pensiyalari, uy-joy ta’minoti masalalariga doir so‘rovlari, shuningdek, bu borada qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va kafolatlarni barcha toifadagi, ya’ni I, II va III guruh nogironligi bo‘lgan insonlarga bir xilda tatbiq etish, nogironligi bo‘lgan va yuklatilgan vazifalarni bajarishga qodir insonlar Senat a’zosi, Qonunchilik palatasining va mahalliy Kengashlarning deputati bo‘lib saylanishi uchun kvotalar belgilash kabi takliflari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda Qonunchilik palatasi deputatlari va mutaxassislar hozirda mamlakatimizda nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy ta’minoti, ta’lim olishida munosib shart-sharoit yaratilishga qaratilgan islohotlar haqida tushuntirishlar berib o‘tdi.

Qabul jarayonida har bir taklif yuzasidan xalqaro hujjatlar va xorijiy tajriba bo‘yicha fikrlar almashildi. Ekspertlar fikri eshitilib, qabul jarayonining o‘zida milliy qonunchilik talablari yuzasidan fuqarolarga batafsil tushuntirishlar berildi.

Shu bilan birga, ko‘tarilgan masalalar taalluqli bo‘lgan sohalardagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish haqida kelishib olindi.

O‘zA