24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta zafarlar, shuningdek, birodar O‘zbekiston xalqiga taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash borasidagi qat’iy sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Ikki tomonlama hamkorlik va global siyosatning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajada erishilgan, shu jumladan o‘zaro savdo hajmini oshirish, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohalarida, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalarini jadallashtirish hamda gumanitar almashinuvni faollashtirish borasidagi kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjonning tashqi ishlar, savdo va transport vazirlari darajasida ko‘p tomonlama maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish tashabbusining amaliy ahamiyati qayd etildi. Joriy yil noyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining sammitini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.