O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqot qildi.

Rossiya Parlamentining yuqori palatasi Raisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi hamda unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar strategiyasini amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbatda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Yaqin va samarali parlamentlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, bu O‘zbekiston-Rossiya do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mintaqaviy hamkorlik doirasida joriy yil may oyida Ashxobod shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaning parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Oktyabr oyida Toshkent shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston yetakchisi ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida yaqin va sermahsul hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.