O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Suhbatda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib, O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi. Shu yilning 20-21 iyul kunlari Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining yakunlariga yuksak baho berildi.