Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining I forumi bo‘lib o‘tdi.

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida o‘tkazilgan forum «Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi hamkorligi» mavzusiga bag‘ishlandi.

Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Xalqaro qamoqxonalar islohoti (PRI) tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining ilk forumi aynan O‘zbekistonda o‘tkazildi. Bundan buyon ham inson huquqlarining ta’minlanishida tajriba almashish maydoni bo‘lgan mazkur forum Markaziy Osiyo davlatlarida an’anaviy ravishda har yili tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur forumni tashkil etishdan asosiy maqsad Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorligini rivojlantirish, inson huquqlarining dolzarb masalalari bo‘yicha mintaqaviy muhokamalar tashkil qilish hamda bu yo‘ldagi sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirishdan iborat.

Forumda Oliy Majlis Senat raisi va a’zolari hamda Qonunchilik palatasi deputatlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Ombudsman huzuridagi komissiya a’zolari, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Xalqaro qamoqxonalar islohotining (PRI) Markaziy Osiyodagi vakolatxonasining Mintaqaviy dasturiy menejeri, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari Ombudsmanlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Qayd etish lozimki, 1995 yil 23 fevral kuni MDH davlatlari orasidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib Ombudsman instituti joriy etilgan.

O‘tgan davr mobaynida Ombudsman ko‘plab fuqarolarning murojaatlarini hal etish, jumladan, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi.

Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti, Osiyo Ombudsmanlar assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar assotsiatsiyasi hamda Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro tashkilotlarning to‘la qonli a’zosi bo‘ldi.

Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari o‘rtasida ikki tomonlama memorandumlar imzolandi. Mazkur memorandum Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining o‘zaro aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga 2021 yilda jami 18 ming 738 murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 60 ga yaqini xorijiy davlatlardan yuborilgan.

2022 yilning 6 oyi davomida xorijiy davlatlardan yuborilgan murojaatlar soni 32 tani tashkil etdi. Ushbu murojaatlarning ko‘p qismi Markaziy Osiyo davlatlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu nuqtai nazardan ham Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida fuqarolar murojaatlarini hamkorlikda ko‘rib chiqish vazifasi belgilandi.

Xalqaro forum uch sessiyadan iborat bo‘ldi. Unda xotin-qizlar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishning ahamiyati hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarining ta’minlanishi borasida o‘zaro tajriba almashildi.

Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari I forumi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA