27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni

Matbuot – jamiyatning ko‘zgusi. Undagi rivoj, taraqqiyot, halollik ko‘p jihatdan ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir.

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni mamlakatimizda bu yil ham keng va ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. Media soha vakillarining respublika anjumani, “Ashxobod bog‘i”da matbuotchilar farzandlari uchun tashkil etilgan maxsus sayllar, sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Sana munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan poytaxtimizdagi “Hyatt Regensy” majmuasida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.

Unga barcha turdagi ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan jurnalistlar, noshirlar, oliy ta’lim dargohlarining jurnalistika yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari, faxriy ijodkorlar, yosh qalamkashlar taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari, Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Ma’lumki, ijodkor ziyolilar, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari xodimlarining zahmatli va fidokorona mehnati davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan, yuksak qadr va rag‘bat bilan doim e’tirof etilgan. Davlatimiz rahbarining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra bu yil ham media tuzilmalar, nashriyotlar, axborot-resurs markazlarida faoliyat ko‘rsatayotgan faol va fidoyi soha vakillarining bir guruhi Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallar bilan taqdirlandi. Ularga mazkur mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov tantanali tarzda topshirdilar.

Tantanali tadbirda mamlakatimizda bugungi kunda kechayotgan shiddatli o‘zgarishlar mass-media sohasida ham o‘zining yaqqol ifodasini topayotganini ta’kidladi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonunchilik muttasil takomillashmoqda. Media tuzilmalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, tahririyatlar faoliyatini shiddatli zamon ruhiga monand tarzda takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bularning bari media tuzilmalar faoliyatida o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ommaviy axborot vositalarining rostmana erkin va samarali faoliyat yuritishi yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor bugun ilgari misli ko‘rilmagan qamrov va mazmun kasb etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu esa ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilayotgan media-materiallarning tezkorligi, tahliliy, tanqidiy, mulohazakor ruhda ekani, odamlarning dardu tashvishlari jurnalistlar tomonidan tayyorlanayotgan materiallarda ustuvor va asosiy mavzuga aylanib ulgurgani muhim omil bo‘lmoqda.

bugungi kunda barcha turdagi ommaviy axborot vositalari kabi media tuzilmalarning zamonaviy shakllari, veb-saytlar, nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari, yangidan-yangi teleradiokanallar tashkil etilib, ular shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Barcha vazirlik va idoralar, kompaniyalar, tuzilmalar tarkibida matbuot xizmatlarining faoliyati keng yo‘lga qo‘yilgan.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, qonun ustuvorligiga tayanish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, Bosh Qomusimizda aks etayotgan o‘zgartishlarning mohiyatini yoritishda jurnalistlarning yanada faol bo‘lmog‘i zarurligini anglatmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyunda qabul qilgan “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bunday imkoniyatlar media soha vakillaridan mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida har qachongidan ham faol, xolis va halol bo‘lishni talab etmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand viloyati «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi faxriysi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Ra’no Jo‘rayeva, «Ishonch-Doveriye» gazetasi mas’ul kotibi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Valentina Marsenyak va boshqalar jurnalistlarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdilar.

– Davlatimiz rahbarining bugun e’lon qilgan qarori chin ma’noda tarixiy qaror bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov. – Bular media tuzilmalarni moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash, kadrlarning xorijda tajriba salohiyatini oshirish, ustoz jurnalistlarni yoshlarga ko‘mak ko‘rsatishi kabi jihatlarni qamrab oladi. Qaror bilan uyushma o‘z binosiga ega bo‘ldi. Shuningdek, eng yaxshi 100 tagacha maqolalarni aniqlash, ularning mualliflarini rag‘batlantirish imkoni paydo bo‘ldi. Bularning bari milliy jurnalistikamizni yanada rivojlantirish, ijodkorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda yangi imkoniyatlarni ochadi.

– Prezidentimizning kamtarona mehnatlarimni yuksak e’zozlagani, e’tibor va rag‘bat ko‘rsatganidan behad mamnunman, – dedi “Yangi O‘zbekiston” gazetasi tahririyatining ijtimoiy-siyosiy hayot va huquq bo‘limi mudiri Ulug‘bek Asrorov. – Bunday g‘amxo‘rlik xalqimiz, Vatanimiz, kasbimizga yanada katta sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilishga undaydi.

Tadbirda san’at ustalari va ijrochi-yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri