Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akadamik musiqali teatrida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari A.Davletov matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini bayram bilan qutlab, yurtimizda ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, soha fidoyilarini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi, xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, aholiga xolis va ishonchli axborot yetkazish, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish borasida ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.

Soha xodimlarining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar yangilanishlarni, ayniqsa “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida olib borilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish, xalqimiz hayotida uchrayotgan masala va muammolarni o‘rganish yo‘lidagi sa’y-harakatlari yuqori baholandi.

Matbuot va ommaviy axborot vositalarining faoliyati barcha davrlarda mashaqqatli va mas’uliyatli bo‘lib kelgan. Ayniqsa, bugungidek ochiqliq va oshkoralik, so‘z erkinligi uchun harakatlar kuchaygani bu boradagi mas’uliyatni yanada oshiradi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 28 yanvarda qabul qilingan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizni yanada rivojlantirish uchun butunlay yangicha  tamoyillarni hayotga tatbiq etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu o‘z navbatida jurnalistlardan hayotimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni aholiga yetkazish, keng targ‘ib etish va davr bilan teng qadam tashlashni taqozo etmoqda.

Bayram munosabati bilan bir guruh faxriylar “Ardoqli nuroniy”, kasb  fidoyilari “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbirda san’at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA