Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev davlatimiz rahbari hamrohligida Toshkent shahridagi Texnopark faoliyati bilan tanishdi.

Bugun Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizdagi erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar buning uchun qulay maydon.

Poytaxtimizdagi Texnoparkda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha yo‘lga qo‘yilgan. bugungi kunda shundan 13 tasi ishga tushgan bo‘lib, elektron gaz hisoblagich, muzlatgich, sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari, lift va eskalatorlar, suv nasoslari, eshik va deraza romlari uchun aksessuarlar yasalmoqda. Bu tovarlar xorijiy brendlar nazorati ostida tayyorlanishi bois mintaqa bozorlaridan o‘rin egallamoqda.

Bu yil izolyatsiya mahsulotlari, suv isitish uskunalari, oshxona texnikasi korxonalari hamda logistika markazi foydalanishga topshiriladi.

Ozarbayjon Prezidenti va mehmonlarga bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning afzalliklari haqida so‘zlab berildi.

Davlat rahbarlari sanoat sohasi mutasaddilariga birgalikda ishlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi va savdoni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.