Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 iyun kuni Toshkent yer usti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishini borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 maydagi “Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Toshkent yer usti halqa metropoliteni liniyasining ikkinchi bosqichini qurish ishlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumki, 2020 yilda Toshkent yer usti halqa metrosining birinchi bosqichida 11,5 kilometr bo‘lgan “Do‘stlik-2 – Qo‘yliq” uchastkasi bunyod etilib, jami 7 ta bekat foydalanishga topshirilgan edi. Ayni paytda ushbu yo‘nalishdan kun davomida 22 mingdan ortiq yo‘lovchi foydalanmoqda.

2020 yil oxirida esa yer usti halqa metrosining 6,3 kilometr bo‘lgan, 5 ta bekatdan iborat Sergeli liniyasi ham qurib bitkazildi va bugungi kunda ushbu yo‘nalishda har kuni 46 mingdan ortiq yo‘lovchi tashilmoqda.

Pandemiyadan keyingi va hozirgi iqtisodiy qiyin sharoitda ijtimoiy loyihalarga pul ajratadigan davlatlar juda kam. Mamlakatimizda odamlarning mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan xayrli ishlar bir zum to‘xtagani yo‘q.

bugungi kunda Qo‘yliqdan Sergeli yo‘nalishining 5-bekatiga eltuvchi ikkinchi bosqich barpo etilmoqda. Hozirgi kungacha 200 dan ziyod tayanch ustunlar o‘rnatilib, estakadalar qurilmoqda. Qurilishga 75 dan ortiq texnika, mashina va mexanizmlar hamda 1 ming 100 dan ortiq malakali muhandis va ishchi-xodim jalb qilingan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarning sifatini ko‘zdan kechirdi.

– Yer usti metrosi qurish tajribamizda yo‘q edi. Biz yangi tarix yaratayapmiz. Shuning uchun yo‘lning mustahkamligini yana bir marta jiddiy ko‘rib chiqish kerak. Ikkinchidan, metroda, bekatlarda odamlar uchun zamonaviy, elektron xizmatlarni ko‘paytirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yer usti metrosining qariyb 12 kilometrlik bu qismida 7 ta bekat bo‘ladi. Ular orasidagi qatnov vaqti 13 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 32 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi mumkin.

Umuman, ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 600 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shu yerda Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish va metropolitenda yo‘lovchilarni ko‘paytirish loyihalari taqdimot qilindi.

Unga ko‘ra, jamoat transporti bilan yaxshi qamrab olinmagan mahallalarga 12 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochilib, metro bekatlari bilan bog‘lanadi. Shuningdek, Toshkent viloyatidan poytaxtga kirib keluvchi 9 ta katta yo‘lda tezkor avtobus qatnovlari tashkil etiladi.

Toshkent davlat transport universiteti tomonidan chet ellik ekspertlar bilan birgalikda metropolitendan foydalanish darajasini oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Xususan, qo‘shimcha jamoat transporti yo‘nalishlari ochish va ularni yo‘lovchi kam metro bekatlariga bog‘lash, poyezdlar vagonini 5 ta qilish va qatnov oralig‘ini qisqartirish kabi choralar ko‘zda tutilgan.

Bularning natijasida metro harakatining tannarxi, aholining jamoat transportiga xarajati va kutish vaqti sezilarli qisqaradi. Shaharga kirib keluvchi yengil avtomobillar soni 97 mingtagacha, magistral ko‘chalarda tirbandlik 10 foizgacha kamayishi mumkin.

Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, mahallalar aholisining metroga kelib-ketishi uchun qulayliklar yaratish, bekatlar yonida avto va veloturargohlar tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Jamoat transporti uchun yana elektrobuslar olib kelish va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar tayyorlash, tramvay yo‘li qurilishini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari Qipchoq ko‘chasi bo‘ylab yurib, yo‘l infratuzilmasini ko‘zdan kechirdi.

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA muxbiri