O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 2-3 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Toshkentda o‘tgan muzokaralarda ikki do‘st mamlakat xalqlari manfaatiga xizmat qiladigan ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

Tashrifning ikkinchi kuni oliy martabali mehmon Xorazm viloyatiga keldi.

Xorazm viloyatida ushbu tashrifga alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Ko‘chalar ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan, rang-barang pannolarga xalqlarimiz do‘stligi va qardoshligini tarannum etuvchi so‘zlar yozilgan.

Davlatimiz rahbari Urganch xalqaro aeroportida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonni kutib oldi.

Milliy qo‘shiq va raqslar xalqimizga xos mehmondo‘stlik, ochiqko‘ngillik ifodasi bo‘ldi.

Shundan so‘ng Tojikiston rahbari Emomali Rahmon Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Urganch shahridagi «UzXCMG» qo‘shma korxonasiga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston va Xitoy hamkorligidagi ushbu korxona 2014 yilda tashkil etilgan. Loyihaning birinchi bosqichida qishloq xo‘jaligi texnikalarini yirik bo‘g‘inli yig‘ish, ikkinchisida sanoat usulida yig‘ish, uchinchisida esa ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi kunda bu yerda 13 xil ekskavator, 10 turdagi maxsus texnika ishlab chiqarilmoqda. Suv xo‘jaligi, qurilish va yo‘l ta’mirlash sohalari uchun o‘ta zarur bo‘lgan bunday texnikalar ilgari valyuta evaziga xorijdan keltirilar edi. Ehtiyot qismlar ta’minoti va servisda ko‘p qiyinchiliklar bor edi.

Qo‘shma korxonaning ishga tushirilishi bu zaruratni hal etish bilan birga viloyatning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, yurtimizdagi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida bajarish imkonini bermoqda.

Shu kunga qadar korxonada xalqaro standartlar asosida 2 mingga yaqin maxsus texnika ishlab chiqarilgan. Mahalliylashtirish darajasi 50 foizdan oshgan. Endi mahsulotlarni chet elga, jumladan, qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Ekskavator va maxsus texnikalar buyurtma asosida ishlab chiqarilishi ham mumkin.

Tojikistonlik mehmonlar zavoddagi ish jarayonini, qishloq xo‘jaligi mashinalari va maxsus texnikalarni ko‘zdan kechirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon Xiva gilam kombinatida bo‘ldi.

Umumiy qiymati qariyb 22 million dollar bo‘lgan ushbu korxona Samarqanddagi “Sam-Antep-Gilam” kompaniyasi tomonidan 2020 yilda tashkil etilgan, o‘tgan yili loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilgan. Kombinatga Germaniya, Belgiya, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Fransiya va Turkiyadan uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 420 ta ish o‘rni yaratilgan.

Bu yerda gilam, polipropilen ip va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ular AQSH, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikistonga eksport qilinmoqda.

Bu yil uchinchi bosqich – akril tolasidan kalava tayyorlash loyihasi amalga oshirildi. Natijada ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,2 million kvadrat metrga yetdi. Mahsulotning 45 foizi chet elga sotilishi, yillik eksport 7 million dollardan oshishi kutilmoqda.

Prezidentlar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonini va shou-rumni ko‘zdan kechirdi.

Shu yerda O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ham namoyish etildi. Turdosh tarmoqlar mutasaddilariga tajriba almashish, savdoni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Ichan qal’adagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi.

Ma’lumki, Ichan qal’a faqat yodgorlik emas, balki «tirik» shahardir. Bu yerda 120 dan ziyod me’moriy obidalar bor va hozirgacha qadimiy uylarda aholi yashaydi. Uning «ochiq osmon ostidagi muzey» deb atalishi shundan.

Xiva shahri 1990 yil 12 dekabrda YUNESKO Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. 1997 yilda shaharning 2500 yillik yubileyi nishonlangan. 2020 yilda Turksoy xalqaro tashkiloti tomonidan Turk dunyosining madaniy poytaxti, deb e’lon qilingan.

Davlat rahbarlari Ota darvozadan kirib, Ko‘k minora, Ko‘hna ark saroyi, Toshhovlini tomosha qildi. Pahlavon Mahmud maqbarasi va Juma masjidida Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Xorazmning tarixi, ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar, boy madaniyati va san’ati mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.

Shu bilan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ahmadjon SHOKIROV,

O‘zA muxbirlari