Joriy yil 28 may kuni Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Dastlab senatorlar “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, davlat idoralari xodimlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda ularni ijtimoiy ta’minlashning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha sezilarli choralar ko‘rilmoqda.

Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida mazkur Qonun ishlab chiqilgan bo‘lib, u davlat fuqarolik xizmatini, shu jumladan, nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni ta’minlaydi.

Shuningdek, ushbu hujjat davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholovchi mezonlar, ularning malakasini oshirishga bo‘lgan talablarni belgilashda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatuvchi qonun hisoblanadi.

Muhokama qilingan Qonun normalari faqatgina davlat reyestriga kiritiladigan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, davlat fuqarolik xizmatini tartibga solishda davlat organlarining asosiy vakolatlari belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli davlat organlarining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishning huquqiy asoslari yaratilmoqda, ya’ni, davlat xizmatchilarining faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholanishi qat’iy belgilanmoqda. Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmaydi.

Shu bilan birga, Qonunda xalqqa xizmat qilish davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplaridan biri etib belgilanmoqda.

Ta’kidlanganidek, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida davlat xizmati sohasini tartibga solishning huquqiy asoslari yaratiladi. Davlat xizmatchilarining toifasi, maqomi, malaka darajasi, ularga qo‘shimcha haq to‘lash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda ularning mas’uliyatini ham yanada oshirishga xizmat qiladi.

Senat a’zolari ushbu Qonunni ma’qulladi.

Shundan so‘ng senatorlar “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni muhokama qildi.

“Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun yalpi majlis muhokamasiga qadar dastlab xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar bilan amaliyotda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar inobatga olingan holda bir necha bor muhokamadan o‘tkazildi.

Qonunda jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi, unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillari belgilanmoqda.

Qonunda yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan holatlarning ro‘yxati aniq qilib ko‘rsatilgan. Yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish qat’iyan ta’qiqlanadi.

Shuningdek, buzilishga tushgan hududda joylashgan yerga bo‘lgan huquq mavjud bo‘lmay turib, o‘n besh yil davomida ko‘chmas mulkka halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan shaxslarga ham ushbu ko‘chmas mulk ob’ekti uchun soliqlar to‘lab kelingani tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko‘chmas mulk ob’ekti qiymatining o‘rni qoplanishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonun bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari huzurida kompensatsiya komissiyalari tuzilishi belgilanmoqda.

Mazkur komissiyalar kompensatsiyalar o‘z vaqtida to‘liq hajmda berilishi ustidan muntazam monitoring va berilgan kompensatsiyalarning hisobi yuritilishini ta’minlaydi. Kompensatsiyalar o‘z vaqtida va to‘liq berilmagan holatlar aniqlanganda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari mahalliy Kengashiga axborot kiritilishi ham Qonunda belgilangan.

Qonunda jamoat ehtiyojlariga olib qo‘yiladigan yer uchun beriladigan kompensatsiya turlari va manbalari ham aniq ko‘rsatilmoqda. Xususan, beriladigan kompensatsiya turlari pul mablag‘lari, shu jumladan turar joylarni va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarni vaqtinchalik ijaraga olish uchun pul mablag‘lari, boshqa ko‘chmas mulk ob’ektini mulk qilib berishdan iborat.

Mazkur Qonunni ishlab chiqishda milliy an’ana va qadriyatlarga ham alohida e’tibor qaratilgan, ya’ni bitta mahalla yoki ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, madaniy qadriyatlarni saqlab qolish maqsadida huquq egalarining xohishiga ko‘ra, ularga bitta mahalla yoki ko‘chada joylashgan yangi uylar (bitta ko‘p kvartirali uydagi kvartiralar) berilishi belgilanmoqda.

Yalpi majlisda ushbu Qonunning mantiqiy davomi bo‘lgan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Fuqarolik, Yer, Shaharsozlik va Byudjet kodekslariga hamda “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi va boshqa shu kabi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Yuqoridagi qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmuniga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga meros qilib qoldiriladigan umrbod va doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun qonunchilikda belgilangan kompensatsiya to‘la hajmda qoplanganidan keyin olib qo‘yilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qo‘yish masalalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun bilan tartibga solinishi, nizoli vaziyatlarning oldi olinishi, mulk egalarining huquqlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qilishi inobatga olinib, ushbu qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ma’lumki, yerlar elektron onlayn-auksion orqali faqat ijara huquqi asosida ajratiladi. Endilikda, mazkur Qonun bilan Yer kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq ochiq elektron tanlov orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish huquqini qo‘lga kiritgan shaxslarga o‘sha hudud hokimining tasdig‘i talab etilmaydi.

Shuningdek, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanganlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda chora ko‘rish mas’uliyati Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yuklatilmoqda.

O‘z navbatida, ushbu harakatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Xususan, Yer kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimcha normaga asosan Kadastr agentligi organlari yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini aniqlagan taqdirda, ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish haqida sudga da’vo arizasi kiritadi.

Bundan tashqari, Qonunda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim aholi qatlamlari uchun bir qator kafolatlar ham belgilanmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilasi elektron onlayn-auksionlardan yer uchastkalarini sotib olishi bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Mazkur Qonun bilan amaldagi 20 dan ziyod qonun, jumladan 4 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Amaliyotda uchrayotgan turli tushunmovchiliklarga barham berish va jamiyat hayotida qonunga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda senatorlar mazkur Qonunni ma’qulladi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisini tayinlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

Senat Mamarizo Nurmuratovni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

So‘ngra “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mazkur Qonun xususiy sanoat korxonalarining takliflari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning mohiyati asosiy ishlab chiqarishida yondosh mahsulot sifatida prekursor hosil bo‘layotgan xususiy korxonalarga muomalada bo‘lishi cheklangan prekursorlarni ishlab chiqarish va tayyorlash faoliyatini litsenziyaga asosan amalga oshirish uchun sharoit yaratishdan iborat.

Prekursorlar davlat tomonidan nazoratga olingan, giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini va psixotrop moddalarni tayyorlash uchun foydalaniladigan moddalar hisoblanadi. Shuning uchun ushbu moddalarning muomalasini huquqiy jihatdan tartibga solish muhim ahamiyatga ega.

Yalpi majlisda Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida joylashgan “G‘allaorol kaliy fosfat” MCHJ faoliyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Korxonada kaliy sulfatni “mangeym” usulida ishlab chiqarish jarayonida yondosh mahsulot sifatida yiliga 24 ming tonna xlorid kislotasi hosil bo‘lmoqda.

Ushbu xlorid kislotasining 20-30 foizi ichki bozorda realizatsiya qilinadi, afsuski qolgan qismi omborxonada chiqindiga aylanmoqda. O‘z o‘rnida xlorid kislotasi xavfli suyuqliklar turiga kiritilganligi uchun uni qisqa muddatlarda realizatsiya qilish talab etiladi. Amaldagi tartib esa tadbirkorlarni bunday imkoniyatdan cheklamoqda.

Tahlillarga ko‘ra mavjud quvvatlarda xlorid kislotasining 70 foizi eksportga yo‘naltirilsa, bir yilda o‘rtacha 2,7 million dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ olishga erishiladi.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishda xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida istiqbolli loyihalar ishga tushishi bilan 266 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarilib, uni keyinchalik qayta ishlash orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega 40 ming tonna tekstil sanoati uchun bo‘yoq – antraxinon, 21 ming tonna tog‘-kon sanoati uchun sinil kislotasi, 51 ming tonna atsetilen ishlab chiqarilishiga erishiladi.

Qonunga kiritilayotgan yangiliklar orqali prekursorlarni ishlab chiqarish va tayyorlash bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarni (davlat va xususiy korxonalar), shuningdek prekursorlarni saqlash, tashish, sotish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va olib chiqishga bo‘lgan talablarni belgilangan tartibda tegishli davlat organlari tomonidan tizimli nazoratga olish imkoni yaratiladi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz kimyo sanoatining tadbirkorlar va sarmoyadorlar uchun jalb etuvchanligi ortishiga, sohada tizimli nazorat mexanizmlari joriy etilishiga, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini muhokama qildi.

bugungi kunda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish borasida hukumat tomonidan bir qator ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2021 yilda Navoiy viloyati Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan. Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 megavattga teng bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi qurilib, ekspluatatsiyaga topshirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan, yiliga 360 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga hamda 110 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlashga mo‘ljallangan loyiha boshlangan.

Loyihaning ishga tushirilishi yiliga 106 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. Natijada 35 ming xonadon yil davomida gaz bilan ta’minlanadi, shuningdek, atmosferaga 160 ming tonna zararli gazlar chiqarilishining oldi olinadi.

Qolaversa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoat, ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi turar joylarida 100 dan ortiq qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalari o‘rnatilgan. Aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Xo‘jayli tumanidagi “Kun nuri”, Qo‘ng‘irot tumanidagi Qanli va Amudaryo tumanidagi Gulzor kabi mahallalarda ko‘p xonadonli uylar quyosh panellari bilan jihozlangan.

2021 yilda tashkilotlar va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish evaziga 9,5 ming kVt soat elektr energiyasi tejalgan.

Amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, parlament so‘roviga berilgan javob tahlili ko‘tarilgan ayrim masalalar bo‘yicha sohada kamchilik va muammolar saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, senatorlar tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida, ayniqsa, markazlashgan energiya ta’minoti tizimlaridan uzoqda joylashgan hududlarda quyosh va shamol energiyasi imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanilmayotganligi ko‘rsatib o‘tildi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobini yuritish to‘laligicha yo‘lga qo‘yilmaganiga alohida urg‘u berildi.

Senatorlar ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlardan foydalanishni tizimli tashkil etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari, butlovchi va ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlarni moliyalashtirish choralarini ko‘rish lozimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida kichik quvvatli quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalarini tashkil etish yuzasidan manzilli dastur ishlab chiqish, sohaga mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etish masalalari bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda Internet orqali yoshlarning hayotiga xavf solayotgan, ma’naviy ongiga salbiy ta’sir qiluvchi axborot xurujlarining oldini olishga qaratilgan ijobiy ishlar olib borilayotganligi qayd etildi.

Jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ining “UZ” domenida foydali ta’limiy-ma’rifiy va mavzuli veb-resurslarni yaratish maqsadida jami 113 ta startap loyihalari IT-parkning inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga kiritilgan.

Shuningdek, foydali veb-resurslar, internet loyihalar, mobil ilova va dasturlarni yaratuvchi mualliflar va dasturchilar sonini yanada oshirish, yoshlarning dasturlash tillariga qiziqishini kuchaytirish maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda. bugungi kunda barcha tuman va shaharlarda zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan 205 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi (IT-markaz) tashkil qilingan.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan parlament so‘rovidagi ayrim masalalar tizimli ravishda amalga oshirilmaganligi ta’kidlandi.

Xususan, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar, axborot-kommunikatsiya dasturlarini yaratish borasida ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va ularning ijobiy jihatlarini milliy amaliyotga joriy etish ishlari tashkil etilmagan.

Internet jahon axborot tarmog‘idagi yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun qiziq bo‘lgan matnli, foto, video va audiovizual materiallarga boy bo‘lgan kontentlar mavjudligi, ularda bayon etilayotgan ma’lumotlar haqiqatga mos kelishi monitoring va tahlil qilinmagan.

Axborot makonida O‘zbekistonning tarixi, madaniyati va san’atini hamda ilm-fanni targ‘ib qilishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar talab darajasida olib borilmayapti.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilariga kundalik hayotida ko‘p foydalaniladigan telefon, kompyuter va shu kabi boshqa qurilmalarning foydali hamda zararli tomonlarini tushuntirish ishlariga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.

Senatorlar muhokama jarayonida hukumatga parlament so‘rovidagi muammolarni to‘liq bartaraf etish maqsadida alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi zarur ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Parlament so‘rovida qayd etilgan masalalar doimiy nazoratda bo‘lishini nazarda tutuvchi Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

Senat Turg‘unali Mirzayev va Nurali Rahmonovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga o‘n yillik muddatga saylash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shuningdek, yalpi majlisda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining 2021 yil va 2022 yilning birinchi choragidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Hisobot davrida Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan 47 ta majlisda 140 dan ziyod muhim masala ko‘rib chiqilgan. Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan 30 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 14 ta qarori va 1 ta Farmoni ijrosi o‘rganilib, ma’lumotlar tayyorlangan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid 6 ta qonun va qonunosti hujjatlarining o‘zaro muvofiqligi tahlil qilinib, takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Qo‘mita tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida 26 ta tadbir o‘tkazilib, 5 ta qonunning ijrosi holati va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilgan. Shuningdek, vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining 5 ta hisoboti va 16 ta axboroti eshitilgan.

Qo‘mita a’zolari tomonidan tegishli davlat hokimiyati, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga 105 ta senator so‘rovi kiritilgan va ularning 87 tasi ijobiy hal etilgan.

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlarga alohida e’tibor qaratilgan. Qo‘mita faoliyatiga oid qator videoroliklar telekanallar orqali efirga uzatilgan, xorijiy OAVda 16 ta maqola chop etilgan.

Keng jamoatchilik ishtirokida “Orolga madad” aksiyasi o‘tkazilib, Orol dengizining qurigan tubidagi o‘rmonchilar shtabiga 5 tonnaga yaqin saksovul urug‘i va ko‘chatlar yetkazib berilgan.

Qo‘mita tomonidan 3 ta metodik qo‘llanma ishlab chiqilgan. “Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarganlik va ochiq suv havzalariga ifloslantiruvchi oqovalarni oqizganlik uchun keltirilgan moddiy zararni aniqlash” metodik qo‘llanmasi hukumatga kiritilgan.

Bundan tashqari, Qo‘mita tomonidan 2020–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari (PQ–4889-sonli qaror) ijrosi ustidan parlament nazorati o‘rnatilgan. Prezident qaroriga muvofiq bugungi kunda 9,1 trillion so‘mlik 1 139 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, 9 152 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari (PQ–5202-sonli qaror) hamda Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlarning (PF–25-sonli Farmon) joylarda ijro etilishi ustidan parlament nazorati o‘rnatilgan.

Yalpi majlisda Qo‘mita tomonidan kelgusida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan masalalar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid qonun hujjatlari hamda Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlar ijrosi, ekologik nazoratning jamoatchi inspektori institutini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirilishi ustidan qat’iy parlament nazoratini olib borish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining tegishli maqsadlarida belgilangan topshiriqlarni amalga oshirishda tashabbuskor bo‘lish zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Yalpi majlis doirasida senatorlar Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalasini ham ko‘rib chiqdi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan 11 ta masala, shu jumladan, 5 ta qonun muhokama etildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati.

O‘zA