Orolbo‘yidagi barcha umumta’lim muassasalari singari Nukus shahridagi 37-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ham “Mening maktabim – mening uyim” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov qadrdon maktabi, mehribon ustozlari bilan xayrlashib, katta hayotga qadam qo‘yayotgan bitiruvchi yoshlarni, ularning ustozlari va ota-onalarini samimiy muborakbod etdi va davlatimiz rahbarining maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi G.Setsura, maktab direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi M.Do‘snazarov, AQSHda tahsil olib kelgan maktab bitiruvchisi K.Jamalov va boshqalar so‘zga chiqib, ta’lim sohasiga alohida e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama komil insonlar qilib tarbiyalash, ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib baholash, yoshlarning bilim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Nukus shahridagi 37-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabini 192 nafar o‘quvchi 11-sinfni bitirmoqda. Ular orasida 38 nafari maktabni oltin medal bilan bitirdi. Shuningdek, 34 nafar o‘quvchi ingliz tili bo‘yicha xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi. Aksariyat bitiruvchilar muddatidan oldin AQSH, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarning oliy o‘quv yurtlariga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Tadbirda so‘nggi qo‘ng‘iroq chalindi. Maktab o‘quvchilari ijrosidagi qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA