Nukusda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda hududiy Kengash a’zolari, davlat boshqaruv organlari, vazirlik, tashkilotlar rahbarlari, shahar va tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori F.Allambergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri S.Mambetqadirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Ye.Atashov va boshqalar prokuratura organlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish, xususan, shahar va tuman hokimliklarida amalga oshirilgan ishlar, 2021 yilda ayrim shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari korrupsiyaga yo‘l qo‘yganligi yuzasidan hududlarda hududiy Kengash a’zolari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarning natijalari, qayd etilgan shahar va tuman hokimliklaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” ga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda aholining turmush tarzini yaxshilash, ularga munosib sharoitlarni yaratib berishda barcha sohalarda ushbu illatni bartaraf etish ustuvor vazifa sanaladi. Bu borada olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar Jo‘qorg‘i Kenges sessiyalarida deputatlar bilan, hududiy Kengash majlislarida a’zolar bilan birga muntazam muhokama qilib kelinmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy Kengash a’zolarining hisoboti doimiy ravishda tinglanib, tegishli soha hamda ijro etuvchi organlar rahbarlariga aniq vazifalar belgilab berilib, tegishli qarorlar qabul qilinmoqda. Yuqoridagilar bilan bir qatorda, korrupsiya holatlari ko‘p kuzatilayotgan hududlar, tarmoqlar va sohalar chuqur tahlil qilinmoqda.

Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat va boshqa dasturlarning amalga oshirilishini tashkil etish maqsadida hududiy Kengash a’zolari tomonidan vazirlik, idora va tashkilotlarda uchrashuv, seminar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Aholi o‘rtasida so‘rovnomalar tashkil etilib, ushbu tadbirga hududiy Kengash a’zolaridan tashqari yoshlar, nodavlat notijorat tashkilotlar va aholi vakillari ham jalb etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengash majlislarida davlat organlari, jumladan, Qurilish, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirlarining, shuningdek, mahalliy byudjetlar hisobidan tashkil etilgan vaqtinchalik va maxsus jamg‘armalar mablag‘idan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom talablariga rioya qilinishi bo‘yicha Moliya vazirining hisoboti eshitildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan o‘rganish olib borildi va natijasi hududiy Kengash yig‘ilishida muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va ushbu turdagi huquqbuzarlik hamda jinoyatlarning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi. Xususan, o‘tgan yili 229 ta mansabdorlik va korrupsion jinoyati sodir etilgan bo‘lsa, joriy yilning 4 oyi mobaynida 80 ta shunday jinoyat sodir etilgan.

Tadbirda ushbu jinoyatlarning oldini olish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA