Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Javlon Nurmatov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Brifingda chet tilini bilish bo‘yicha malaka sertifikatiga ega shaxslarga berilgan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kamida V2 darajadagi sertifikatga ega shaxslarga oliygohlarga kirish imtihonlarida chet tili bo‘yicha maksimal ball beriladi. Shuningdek, chet tili fani o‘qituvchilariga ularning malaka sertifikati S1 darajasida bo‘lsa, 50 foiz miqdorida har oylik ustama to‘lanmoqda. Bundan tashqari, kamida S1 darajadagi sertifikatga ega chet tili fani o‘qituvchilari navbatdagi attestatsiyadan ozod etiladi.

Malaka sertifikatiga ega davlat boshqaruv idoralari xodimlariga 20 foizgacha miqdorda qo‘shimcha har oylik ustama to‘lanadi. Chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari har oyda barcha hududlarda o‘tkaziladi. To‘lovi – 364 ming 500 so‘m.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2022 yil boshidan hozirga qadar 14 ming 574 nafar talabgorning chet tilini bilish darajasi aniqlandi. Mazkur test sinovlarida talabgorlarning yozma ishlarini tekshirish va gapirish ko‘nikmalarini baholash uchun 14 ta til bo‘yicha 200 dan ziyod ekspertlar jalb etilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA