Buxoro viloyati Romitan tumani tibbiyot birlashmasining bosh vrachi Jamshid Tohirov boshchiligidagi yetakchi mutaxassislar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida bo‘ldi.

Safar davomida Romitan tumani tibbiyot birlashmasining nevropatolog va akusher-ginekolog vrachlari Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasalarida 3-4-xavf guruhiga kiruvchi bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

– Romitan tumani tibbiyot birlashmasining malakali hamshiralari aholi orasida sog‘lom turmush tarzini, sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qiluvchi tadbirlar o‘tkazdi, – deydi Jamshid Tohirov. – Shuningdek, xonadonlarga patronaj tashriflarini amalga oshirdi. Xo‘jayli tumanidagi hamkasblariga universal-progressiv model bo‘yicha mahorat darslarini o‘tdi.

Jarayonda tibbiyot xodimlari tomonidan aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xususan, jismoniy faollikni oshirish, muntazam ravishda har kuni ertalab va kechki ovqatdan so‘ng piyoda yurish, zararli odatlardan voz kechish yuzasidan davra suhbatlar o‘tkazildi.

Sog‘lom ovqatlanish tamoyillari bo‘yicha ko‘rgazma tashkil qilinib, fuqarolarga mumkin va mumkin bo‘lmagan mahsulotlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Zarif Komilov, O‘zA