O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida Oliy ta’lim muassasalarining bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonni o‘zimiz, o‘z qo‘llarimiz bilan bunyod etamiz!” shiori ostidagi respublika esselar tanlovi o‘tkazilmoqda.

Tanlovning maqsadi yoshlarni vatanparvarlik, bag‘rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlar, buyuk maqsadlarga ega shaxslar sifatida tarbiyalash, Uchinchi Renessans poydevorini qurishda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash va daxldorlik fazilatlarini qaror toptirishdir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan bugungi kunda boshqa qator sohalarda bo‘lgani kabi oliy ta’lim tizimini isloh qilish, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Islohotlar natijasida oliy ta’lim muassasalarining talaba-yoshlari turli innovatsion loyihalarni amalga oshirishda, fanlar bo‘yicha respublika va xalqaro tanlovlarda o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etmoqda.

To‘rt bosqichda – fakultet, oliy ta’lim muassasasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika miqyosida o‘tkazilayotgan esselar tanlovi ham iqtidorli, intiluvchan, ijodkor talaba-yoshlarni aniqlash imkonini berdi.

Xususan, tanlovning fakultet, oliy ta’lim muassasasi bosqichlarida saralangan hamda hududiy bosqichda faxrli 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan g‘oliblar “Yangi O‘zbekistonni o‘zimiz, o‘z qo‘llarimiz bilan bunyod etamiz” shiori ostidagi esselar talovining Respublika bosqichida ishtirok etmoqdalar.

Mamlakatimizning turli hududlaridan bo‘lgan 42 nafar Respublika bosqichi ishtirokchilari hamda ularning ustozlari poytaxtimiz Toshkent shahrida tantanali ravishda kutib olinib, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi “Chinobod plaza” sanatoriysiga joylashtirildi.

Tanlovning Respublika bosqichi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar dasturiga muvofiq quyi bosqichlar g‘oliblari bo‘lgan talaba-yoshlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rahbariyati va Yoshlar parlamenti vakillari bilan tanlov ishtirokchilari bo‘lgan talabalarning muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov bilan “Taraqqiyot strategiyasi – kelajak uchun mustahkam zamin” mavzuida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yoshlarda katta taassurot qoldirishi bilan birga, qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi. Shuni alohida qayd etish lozimki, tadbirlar rejasining birinchi kunidan o‘rin olgan ushbu muloqotlar talaba yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, ular mamlakatimiz Parlamenti faoliyatiga oid ko‘plab savollariga javob oldilar.

Uchrashuvda yoshlarga Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati va uning muhim ahamiyati xususida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, ularga milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqida tushunchalar berilib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish, o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, mustaqil va erkin fikrga ega iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlar orasida ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy-huquqiy hamda iqtisodiy jarayonlarga nisbatan tanqidiy-tahliliy, ijodiy dunyoqarash ko‘nikmalarini shakllantirish, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham batafsil ma’lumotlar berildi.

 

Muhabbat O‘RMONBEKOVA, 

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 

Matbuot xizmati rahbari