Prezident raisligida sportni ommalashtirish, sport ta’limini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash bo‘yicha yig‘ilish boshlandi.

So‘nggi besh yilda sportni rivojlantirishga qariyb 4 trillion so‘m yo‘naltirilib, 118 ta yangi yirik sport ob’ekti foydalanishga topshirilgani va 110 ta ob’ekt rekonstruksiya qilingani ta’kidlandi.

Joriy yilda sport sohasiga 2 trillion 300 milliard so‘m (2017 yildan 5 baravarga ko‘p), shundan sport ta’lim muassasalari uchun 1 trillion 200 milliard so‘m ajratildi.

Ilk bor barcha mahallalardagi yoshlar yetakchilari, maktablarning jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va sport maktablari trenerlari ishtirokida yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha yangi besh bosqichli musobaqalarga start berildi.

Aprel-may oylarida musobaqalar bilan 3 milliondan ziyod yoshlar qamrab olindi.

– Lekin sportdagi natijalar yaratilgan sharoitlarga hali mos emas, – dedi davlat rahbari.

O‘zA