Bosh prokuratura Ishchi guruhi tashabbusi bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan islohotlar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Muxamatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining birinchi o‘rinbosari S.Imatov mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosati, kuchaytirilgan jinoiy javobgarlik, korrupsion xabarlarga berilayotgan rag‘batlar, sohadagi ochiq-oshkoralik va davlat dasturlari ijrosi haqida ma’lumotlar berdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashga e’tibor qaratilib, uni keskin kamaytirish choralari ko‘rilayotganiga qaramasdan hanuz ushbu illat barham topmayapti. Bundan har bir rahbar, har bir xodim o‘ziga xulosa qilib, faoliyatida yo‘l qo‘ymasligi uchun zimmasiga yuklatilgan vazifani vijdonan bajarishi zarur.

Tadbirda korrupsiyaviy jinoyatlarni fosh etishga ko‘maklashgan hamda qonun ustuvorligini ta’minlashda hissa qo‘shgan bir guruh fuqarolarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, universitet kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA