Davlatimiz rahbari tomonidan g‘allachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlab joriy yilning 11 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi va “O‘zagroinspeksiya” ga 2022 yil hosili uchun ekilgan urug‘lik g‘alla maydonlarini nes-nobud qilmasdan qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olishni nazorat qilish belgilangan edi.

–Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash yuzasidan urug‘chilik sub’ektlarining urug‘lik g‘alla maydonlarida va “Taxiatash don” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Qarabayli guruch” filialida monitoring o‘tkazildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” ning Shumanay tumani bo‘limi katta inspektori Azimjon Qurbonboyev. – Tumanda 2022 yil hosili uchun 2 ta g‘allachilik klasteri va 5 ta fermer xo‘jaligining jami 300 gektar maydoniga “Antonina”, “Alekseyevich” va “Asr” navlari ekilib, 900 tonna urug‘lik don topshirish reja qilingan bo‘lib, bugungi kunda parvarishlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, ekilgan g‘alla maydonlari to‘liq boshoqlash fazasida bo‘lib, ushbu maydonlarda to‘lig‘i bilan ikki marotaba oziqlantirish, bir marotaba sug‘orish, uch marotaba suspenziya sepish va begona o‘tlarga qarshi bir marotaba gerbitsidlar bilan ishlov berish ishlari yakunlandi va aprobatsiya o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Monitoring davomida barcha urug‘lik g‘alla maydonlarida urug‘lik maydonini aks ettiruvchi pannolar o‘rnatish, begona navlar va o‘tlardan tozalash maqsadida qo‘lda navdorlik o‘tog‘ini o‘tkazish ishlari belgilangan talablarga javob bermaydigan qilib, sifatsiz tashkil etilayotganligi holatlari bo‘yicha aprobatsiya ko‘rigiga tayyorlash haqida urug‘chilik sub’ektlari rahbarlariga, ushbu tadbirlarini sifatli o‘tkazishni ta’minlash to‘g‘risida tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘iga yozma ko‘rsatmalar berildi.

Tumanda 2022 yil hosili uchun ekilgan urug‘lik g‘allani nes-nobud qilmasdan qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olish maqsadida 1 ta o‘rim-yig‘im otryadi, 2 ta don o‘rish kombayni, 4 ta don tashish mashinasi va 1 ta don qabul qilish shaxobchasiga biriktirilgan. Shu tariqa sifatli urug‘lik don yetishtirish nazoratga olindi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri