Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida “Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi” AJda ham mehmonda bo‘ldi.

“Taxiatosh IES” AJ bosh direktori Faxriddin Xalilayev yuksak martabali mehmonlarni stansiyaning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishtirdi.

Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida xar birining quvvati 280 MVt bo‘lgan 2 ta bug‘-gaz qurilmasi to‘liq quvvatlarda ishlamoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati iste’molchilarini uzluksiz va sifatli elektr energiya bilan ta’minlash, elektr va issiqlik energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish, yoqilg‘i resurslarini tejash hamda ulardan samarali foydalanishdan iborat.

bugungi kunda bosh pudratchi tomonidan qurilish-montaj ishlari 100 foizga bajarilgan. O‘rnatilgan gaz turbinasi va bug‘ turbinasi asosiy uskunalari Amerikaning GE kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Issiqlik elektr stansiyasida qurilish ishlari zamonaviy ilg‘or texnologiyalar asosida Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering va Hyundai Engineering & Construction kompaniyalari konsorsiumi tomonidan amalga oshirildi.

Loyihaning umumiy qiymati 678,2 million AQSH dollari bo‘lib, shundan 300 million AQSH dollari Osiyo taraqqiyot bankining investitsiya mablag‘lari, 230,7 million AQSH dollari O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari, 27,3 million AQSH dollar “O‘zbekenergo” mablag‘lari va 120,2 million AQSH dollari O‘zbekiston Respublikasining loyihani qo‘llab-quvvatlashdagi ulushi hisoblanadi.

Yangi joriy etilgan ikkita bug‘-gaz qurilmasining ishga tushishi bilan stansiyaning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari oshdi, jumladan, stansiyaning o‘rnatilgan quvvati 630 MVt dan 980 MVt gacha, yillik ishlab chiqariladigan elektr energiya miqdori 3 mlrd. kVt soatdan 4,6 mlrd kVt soatgacha o‘sdi. Shuningdek, 1 kVt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan shartli yoqilg‘i miqdori 430 gr/kVt soatdan 258 gr/kVt. soatga kamaydi, bu bilan bir yilda 488,6 mln. m3 tabiiy gaz tejalishiga erishildi, ya’ni bu har yilda 322,5 mlrd so‘m tejaladi, degani.

Yangi loyiha ishga tushishi bilan yillik suv sarfi deyarli uch barobarga kamaydi, aniq raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, ta’mirdan oldin yiliga 452 mln. m3 suv sarf qilinardi, hozir esa bu 293 mln. m3 ga kamaydi va yiliga 159 mln. m3 ni tashkil qilmoqda.

Zamonaviy stansiya ekologik nuqtai nazardan ham ijobiy ko‘rsatkichlarga erishdi: azot oksidi chiqindisi 3,5 barobar kamaydi, atmosferaga chiqadigan yalpi chiqindilar 5,1 barobar, yiliga 3056,674 tonnaga kamaydi, IES chiqindilari bilan atmosferani ifloslantirish darajasi 3,2 barobar kamaydi, asosiy parnik gazi – SO2 chiqindilari yiliga 972216,22 tonnaga qisqardi.

Uskunalar xorijiy yuqori rivojlangan, jahonga mashhur General Electric , Hyundai kabi kompaniyalar tomonidan yetkazib berildi.

Uskunalarni sifatli yuritish va ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash maqsadida yosh mutaxasis xodimlar yangi bug‘-gaz qurilmalarini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha malakali o‘quv markazlarida ta’lim olib, sertifikatga ega bo‘ldi.

Shuningdek, Hyundai Engineering mutaxassislari va uskunalarni ishlab chiqaruvchi zavodlardan sanab o‘tsak Shvetsariya, Germaniya, Angliya, Xitoydan mutaxassislar kelib Taxiatosh IESning yangi energobloklarini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish borasida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Mehmonlar tashrif chog‘ida korxonaning tarixi bilan yaqindan tanishish maqsadida “Taxiatosh IES” aksiyadorlik jamiyatida tashkil qilingan muzeyda ham bo‘ldi.

“Taxiatosh IES” AJ matbuot kotibi

O‘zA