Yuridik klinika

Ma’lumki, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasida murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ko‘rib chiqish muddati belgilangan vaqtdan ham cho‘zilib ketsachi? Shunday vaziyatda mansabdorga qanday chora ko‘riladi? Quyidagi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinovdan javob oldik.

– So‘nggi yillarda mamlakatimizda murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarni hal etish sohasida yangi davr boshlandi. Inson huquq va manfaatlarini himoya qilishning eng maqbul yo‘li sifatida hayotimizga joriy etilgan mazkur mexanizm haqiqatan ham qisqa fursat ichida o‘zining amaliy natijalarini bera boshladi.

Fuqaro murojaatini ko‘rib chiqishning o‘z tartib-tamoyili bor. Jumladan, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmagan mansabdor shaxsga tegishli choralar ko‘riladi.

Xususan, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

– Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni rad etgan shaxs javobgarlikka tortiladimi?

Ha, buning uchun javobgarlik belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 43-moddasiga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, murojaatlarni yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka zid qaror qabul qilish kabi holatlar qonunbuzarlikka kiradi.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta’minlamaganlik ham mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Gulnoza Boboyeva,O‘zA