Joriy yilda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida 1 milliondan ortiq abituriyent ishtirok etishi kutilmoqda.

Alohida qayd etish lozimki, qabul jarayonida abituriyentlar uchun ko‘plab yangiliklar va qulayliklar yaratilishi rejalashtirilgan.

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat test markazi tomonidan 2022/2023 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga kirish test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish, adolatli va shaffof o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Ta’kidlanishicha, Davlat test markazi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda 2 xil ssenariy asosida 87 ta katta sig‘imli pavilonlar hamda 53 ta stadion va xiyobonlar tanlab olinib, chizma loyihalari tayyorlandi va tegishli tashkilotlar bilan kelishildi hamda bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilish va tasdiqlash uchun rasmiy murojaat yuborildi.

Shuningdek, Davlat test markazi tomonidan 2022/2023 o‘quv yili qabulida respublika ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarida guruh nazoratchisi sifatida ishtirok etadigan nomzodlar uchun joriy yilning 24-28 mart kunlari o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Nomzodlar Oliy va o‘rta maxsus vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlaridan iborat. Mashg‘ulotlar va saralash bir necha bosqichda bo‘lib o‘tadi.

Mazkur o‘quv yili kirish test sinovida majburiy uchta fan bo‘yicha 30 ta savol bo‘ladi. Barcha fanlardan har bir to‘g‘ri javobga 1,1 ball berilishi belgilanib, maksimal ko‘rsatkich 33 ballni tashkil etmoqda. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita ixtisoslik fanlari bo‘yicha 30 tadan jami 60 ta savol bo‘lib, birinchi fan uchun har bir to‘g‘ri javobga 3,1 balldan, jami 93 ball, ikkinchi fan uchun esa har bir to‘g‘ri javobga 2,1 balldan, jami 63 ball beriladi. Ikkala fandan maksimal 156 ball to‘plash mumkin. 5 ta fan bo‘yicha umumiy to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori natija 189 ballni tashkil etadi.

Kirish test sinovlarida foydalaniladigan 14 ta umumta’lim fanlaridan test topshiriqlari tafsilotlari hamda abituriyentlarning mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtirilgan test topshiriqlari ishlab chiqildi.

Ishlab chiqilgan namunaviy test topshiriqlari respublikaning barcha hududlarida 2022 yilning fevral, mart va aprel oylarida jami 3 marotaba aprobatsiyadan o‘tkazildi. 14 ta umumta’lim fani bo‘yicha o‘tkazilgan aprobatsiya jarayonining har bir bosqichida 5 000 nafardan, jami 15 000 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Test topshiriqlari akademik litsey va ixtisoslashtirilgan maktablarda faoliyat yuritayotgan fan o‘qituvchilari tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi.

2022 yil 10 aprelga qadar Oliy ta’lim muassasalari bakalavriati, professional ta’lim muassalari, akademik litseylar va O‘zbekiston Respublikasi hamda xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim faoliyatini tashkil etish uchun kirish test sinovlari, o‘qishni xorijiy oliy talim muassasalaridan respublika oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarida foydalaniladigan 14 ta fandan belgilangan rejaning 100 foizi hisobida test topshiriqlari ishlab chiqildi. Test topshiriqlari rus tiliga tarjima qilinmoqda.

2022/2023 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida foydalanish uchun qardosh (qoziq, qirg‘iz, tojik, turkman tili va adabiyoti) tillaridan belgilangan miqdorda test topshiriqlari ishlab chiqildi va birlamchi ekspertizadan o‘tkazildi. bugungi kunda savollar bazasi shakllantirib bo‘lindi. Biroq odatdagidek test topshiriqlarining ekspertizalari, boshqa tillarga tarjimasi davom etmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, may – iyul oylari davomida, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tavsiya etilgan fan mutaxassislarini jalb etgan holda qoraqalpoq tili va qardosh (qoziq, qirg‘iz, tojik, turkman) tillariga fizika, tarix, kimyo, biologiya, matematika va geografiya (6 ta fan, 5 ta til) fanlari bo‘yicha test topshiriqlari tarjimasi amalga oshiriladi. Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tavsiya etilgan fan mutaxassislarini jalb etgan holda sharq (turk, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, yapon), ispan, italyan tillaridan test topshiriqlari ishlab chiqiladi va ekspertizadan o‘tkaziladi.

Ma’lumki, abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida faqat zarur hujjatlarni ko‘rsatishi va qayd etishi kerak. Agar abituriyent o‘ziga tegishli hujjatlarda yoki imtiyozlarga oid ma’lumotlarda soxtakorlikka yo‘l qo‘ysa va natijasiga ko‘ra talabalikka tavsiya qilinsa, baribir talabalar safidan chetlashtiriladi. Ularga o‘qishni qayta tiklash imkoniyati berilmaydi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab OTMga kirish imtihonlarida maktab bitiruvchilarining so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichini inobatga olish rejalashtirilmoqda. O‘rtacha ko‘rsatkich test sinovlari tugagach, tanlovdan oldin qo‘shilishi taklif etilgan. Qabul testlarida maksimal ballning 30 foizidan kam ball to‘plagan abituriyentlar kvota bo‘yicha tanlovda ishtirok etmasligi belgilanmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA