T a n l o v

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar yoshlarga ma’rifat ulashishdek ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shayotgan ijodkor ziyolilar eng olijanob va savobli yumushga qo‘l urgan insonlar sifatida mamlakatimizda e’zozlanayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida bundan bir yil muqaddam mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi ta’sis etildi. Ushbu lavozimda shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, tadqiqotchilar o‘quvchi-yoshlar bilan ish olib bormoqda. Yurtimizdagi ma’rifiy jabhada kechayotgan yangilanish jarayonlarini yoshlarga sodda, samimiy, ta’sirchan va hayotiy misollar yordamida tushuntirishda ularning faoliyati o‘ziga xos bo‘lmoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” tanlovining respublika bosqichi mazkur lavozimda ishlayotgan ma’naviyat fidoyilarining ishini atroflicha o‘rganish, tahlil etish imkonini berdi.

Tanlov Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan tashkil etildi. U umumta’lim maktablaridagi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi ishini o‘rganish, tahlil etish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, faollarni rag‘batlantirishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.

Tanlovning tuman (shahar) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bosqichida yetti ming nafardan ortiq targ‘ibotchi ishtirok etdi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tanlovning faqat hududiy bosqichlarida jami 412 nafar ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi qatnashdi. Shularning 109 nafarini shoir, yozuvchi, 42 nafarini jurnalist, 47 nafarini ijodkor, 210 nafarini esa o‘qituvchi tashkil qildi.

Hududiy bosqich ishtirokchilaridan 65 nafari davlat mukofoti sovrindorlari, 118 nafari respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblari, 3 nafari olimlardan iborat.

Respublika bosqichida hududiy saralash jarayonlarida g‘olib bo‘lgan 28 nafar targ‘ibotchi o‘z bilim va mahoratini namoyish etdi. Tanlov g‘oliblari sakkizta nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi.

Aytish joizki, tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari o‘z bilim va ish tajribasini o‘rtoqlashishi bilan birga, poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston”, “G‘alaba bog‘i” majmualari, muzeylar, tarixiy maskanlarga sayohat qildilar. Taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, davlat va jamoat arboblari bilan uchrashuvlar, “Adiblar xiyoboni”da “Targ‘ibotchilar mushoirasi” o‘tkazildi.

Tanlov hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, birinchi o‘ringa Hulkar G‘afforova hamda Abduvahob Zaripov munosib topildi.

– O‘quvchilarda adabiyotga e’tiborni kuchaytirish faoliyatimning asosini tashkil etadi, – dedi Samarqand davlat universiteti ilmiy tadqiqotchisi, Qo‘shrabot tumanidagi 50-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Abduvahob Zaripov. – Adabiyotshunoslikni o‘zim ishlayotgan ta’lim dargohida ilmiy darajada yuksaltirishga astoydil ahamiyat bermoqdamiz. Bu esa, shubhasizki, yosh avlodning milliy adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ma’naviyatini to‘g‘ri shakllantirishda muhim omildir.

– Maktabimizda uch ming nafar atrofida o‘quvchi bilim oladi, – dedi Navoiy shahridagi 16-ayrim fanlarni chuqur o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Hulkar G‘afforova. – O‘tgan bir yil davomida ijodkor o‘quvchilarni aniqlashga, ularning iste’dodini namoyon etishiga yaqindan ko‘maklashib kelmoqdaman. 300 nafar o‘quvchimiz nasr, nazm, publitsistika to‘garaklariga a’zo. Adabiyotga mehri baland bir guruh ijodkorlarning ilk ijod namunalarini to‘plam holida chop etdik. Kitobxonlikka oid bir qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqdamiz. Maktab kutubxonasi ishini yanada kuchaytirdik. Bularning barchasi kitobxonlik targ‘ibotiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda g‘olib va sovrindorlarga diplom, maxsus statuetka, esdalik sovg‘alari topshirildi. San’at ustalari va ijrochi-yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri